Safarbar qilingan bir guruh ruslar Ukrainadan qochib ketdi
Sakkiz nafar safarbar qilingan rossiyalik Ukrainadagi jangovar hududdan qochib, qurol va kamuflyaj bilan Rossiyaning Moskva viloyati Podolsk shahriga keldi. Bu haqda UNIAN xabar berdi.Manzilga yetib borgach safarbar qilinganlar qurollari bilan taslim bo‘lgan va harbiy prokuraturaga topshirilgan. Ular Kaliningrad viloyatiga chaqirib olingan. Rus askarlari Lugansk viloyatidan qochib ketgani ma’lum bo‘ldi. “26-dekabr kuni kechqurun Podolsk politsiya bo‘limiga 20 yoshdan 44 yoshgacha bo‘lgan 8 nafar erkak qurollarini topshirmoqchi ekanini aytdi. Ular avtomatlar bilan kelgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bo‘limga kelganlarning deyarli barchasi Kaliningrad viloyatiga safarbar qilingan va mashg‘ulotlardan so‘ng Luganskka jo‘natilgan”, — deyiladi xabarda.