Ukraina hukumati xorijlik investorlarga davlat kompaniyalarini sotmoqchi
Ukraina Iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Ayvaras Abromavichus Ukraina kompaniyalarini xorijiy investorlarni jalb qilgan holda xususiylashtirishni taklif etmoqda, deb xabar berdi UNIAN agentligi.
Abromavichusning so‘zlaricha, bu holat davlat kompaniyalaridagi ulushlarni maksimal foyda bilan sotishga imkon beradi. Vazirlik aprel o‘rtalarida hukumatga xususiylashtirilishi rejalashtirilayotgan kompaniyalar ro‘yxatini beradi. Vazir, shuningdek, vazirlik davlat kompaniyalarini xususiylashtirish tartibiga yangi o‘zgartirishlar kiritishni rejalashtirayotgani aytgan.
“Hozirda aktivlarni sotish tartibiga kiritiladigan o‘zgartirishlarni tayyorlamoqdamiz. Avvallari bu tartib shaffof va mukammal emas edi. Davlat xususiylashtirishni amalga oshirishda maslahatchilar yollamasdi, bu holat boshqa davlatlarda me’yor hisoblanadi. Bizlar bu borada o‘zgartirishlar kiritamiz. Yana ikki hafta kutib tursangiz, ro‘yxatni ham, o‘zgarishlarni ham ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi”, deb aytdi Abromavichus.
Vazir Ukraina davlat aktivlarini xorijiy investorlarga sotish istagi borligini ma’lum qildi. U, shuningdek, Ukrainaga investisiyalar kiritishga kiziqish “yaxshi darajada” saqlanib qolayotganini aytib, 3G lisenziyalarning sotilishini bunga misol tariqasida keltirib o‘tdi. Abromavichus investorlar agrar, infratuzilmaviy va boshqa aktivlarga qiziqish bildirayotganlarini aytib o‘tdi.
2015 yilda xususiylashtirishdan Ukraina byudjetiga tushadigan daromad 17 mlrd grivnani tashkil qilishi kutilmoqda.