Prezident aytganidek 120 kishilik ilk to‘y o’tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2-3 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi davomida bugungi to‘ylardagi dabdabani tanqid qilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qarori chiqishi haqida ma’lum qilgan edi.
Kuni kecha Navoiyda Prezident aytganidek 120 kishilik ilk to‘y marosimi bo‘lib o‘tdi.
Navoiylik tadbirkor Nuriddin Habibov to‘rtta to‘yxona ishlarini yuritadi. Daromadi ham o‘ziga yarasha. Ammo u kamtarona to‘yni ma’qul ko‘rdi. O‘g‘li Amriddin Razzoqovning nikoh to‘yiga bir yuz yigirma mehmonni taklif qildi. Qiziltepa tumanidagi “XXI asr” nomli to‘yxonada ixcham to‘y o‘tkazildi, deb yozmoqda O‘zA.
Tadbirkor to‘ydan oldin ushbu tumandagi maktab internati jamoasiga Navro‘z saylini o‘tkazishda homiylik ko‘rsatgan. Qolaversa, bayram tadbiri davomida o‘quvchilarga o‘quv qurollari, bayram sovg‘alari ham ulashilgan.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi a’zolari esa kelin va kuyovga boshqalarga o‘rnak bo‘lgani uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishi uchun sertifikat va kitoblar jamlanmasini taqdim etgan.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgan. 30 mart kuni ushbu muhokama o‘z yakuniga yetadi.