Putin AQShda saylanadigan har qanday prezident bilan hamkorlik qilishga tayyor
Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Vesti v subbotu” dasturi efirida Rossiya AQShdagi saylovlarda g‘alaba qozonadigan har qanday rahbar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
“Biz AQSh xalqi saylaydigan har qanday davlat rahbari bilan ishlashga tayyormiz. Biz dunyoning yirik va nufuzli davlati bilan hamkorlik qilmoqdamiz”, – degan Putin AQSh prezidentligiga nomzodlardan (Hillari Klinton va Jeb Bush) qay birini ma’qul ko‘rishi to‘g‘risidagi savolga javoban.
Shu bilan birga, Putin ikki davlat o‘rtasida xavfsizlik masalasi va ayrim xalqaro masalalar bo‘yicha muammolar borligini ta’kidlab o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, AQShda prezidentlik saylovlari 2016 yilda bo‘lib o‘tadi.