Putin tanlangan Prezidentlargagina tabrik yo‘lladi. Ular orasida Mirziyoyev bormi?
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlarini Rojdestvo bayrami va yaqinlashib kelayotgan Yangi 2023 yil bilan tabrikladi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Putin xorijlik yetakchilar qatorida Boliviya Ko‘p millatli davlati Prezidenti Luis Arse, Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti, Venesuela Bolivar Respublikasi Prezidenti Nikolas Maduro, Vetnam, Hindiston, Xitoy, Turkiya, Kuba, Nikaragua, Serbiya va Suriya rahbarlariga tabrik yo‘lladi. Biroq bu ro‘yxatga Oq uy rahbari Jo Baydenning ismi kiritilmagan.
MDH rahbarlari
Putin postsovet makonidagi davlatlar rahbarlarini an’anaviy Yangi yil tabrigida Rossiyaning ular bilan hamkorligi rivojlanish darajasini yuqori baholadi va aloqalarni yanada mustahkamlashga umid bildirdi.
Xususan, Putin Ozarbayjon – Ilhom Aliyev, Armaniston – Vaagn Xachatryan, Belarus – Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston – Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston – Sadir Japarov, Tojikiston – Imomali Rahmon, Turkmaniston – Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston – Shavkat Mirziyoyev, Janubiy Osetiya – Alan Gagloyevga tabrik yo‘lladi. Rossiya davlat rahbari Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Turkmaniston parlamenti yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedovni ham tabrikladi. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bu safar Moldova Prezidenti Mayya Sanduni Yangi yil bilan tabriklamagan. Shuningdek, Putin o‘z tabriklarida avvalgi yillardagidek Gruziya va Ukraina xalqlarini tilga olmadi.
Umuman olganda, Rossiya rahbaridan postsovet hududidagi davlatlar rahbarlari nomiga yuborilgan barcha telegrammalarda ular bilan munosabatlar jadal rivojlanayotgani, iqtisodiy aloqalar mustahkamlanib borayotgani, ko‘plab sohalarda muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani qayd etilgan. Putin bu kelajakda ham davom etishiga umid qilmoqda.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti o‘z tabriklarida o‘tayotgan yilda ro‘y bergan bir qator muhim voqealarni ham aytib o‘tdi. Xususan, Aliyevga yo‘llagan telegrammasida u mamlakatlar o‘zaro hamkorlikning yangi, ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidlagan. Rossiya davlati rahbari Pashinyan va Xachaturyanga yo‘llagan tabriklarida mamlakatlar diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi hamda Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganining 25 yilligini nishonlaganini eslatdi. Putin Mirziyoyevga yo‘llagan tabrigida yubiley sana – diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini ham eslatdi. Berdimuhamedovga yo‘llagan maktubida asosiy yo‘nalishlarda Rossiya-Turkmaniston aloqalarini sifat jihatidan oshirish uchun shart-sharoit yaratgan strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi imzolangan deklaratsiyaga e’tibor qaratdi.
Lukashenkoga yo‘llagan telegrammasida Rossiya rahbari Moskva va Minsk o‘tayotgan yilning qiyinchiliklari va sinovlariga bardosh berib, birgalikda nafaqat misli ko‘rilmagan siyosiy va sanksiya bosimiga samarali qarshilik ko‘rsatishga, balki Ittifoq davlati institutlarini mustahkamlashga ham qodir ekanini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Putin MDH rahbarlariga yo‘llagan tabrik maktublarida BMT, YeOII, KXSHT, SHHT, Kaspiy beshligi va Markaziy Osiyo plyus Rossiya formati kabi ko‘p tomonlama formatlarda hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta’kidladi. Bu, xususan, To‘qayev, Japarov, Rahmon, Pashinyan va Xachaturyan, Berdimuhamedov, Mirziyoyevga yo‘llagan murojaatlarida aytilgan.
O‘z navbatida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin “do‘st bo‘lmagan” davlatlar rahbarlari, jumladan, Germaniya kansleri Olaf Shols va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronni tabriklamasligini aytdi.