24-fevral kuni Prezident Islom Karimov "2014-yilgi Navro‘z
umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorga
imzo chekdi. Qarorning to‘liq matni O‘zA saytida berilgan.
Qarorda xalqimiz uchun sharqona yangi yilning boshlanishi,
eng qadimiy, milliy bayram bo‘lmish Navro‘z ayyomini markazda va joylarda
munosib nishonlash mamlakatimizda ezgu an’anaga aylanib qolgani ta’kidlangan.
Bugungi kunda ushbu umummilliy bayramning insonlarning
ma’naviy hayotidagi o‘rni va ta’siri, insonning tabiat bilan uyg‘un bo‘lib
yashashi, uning qalbida ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi olijanob
tuyg‘ularni uyg‘otish, jamiyatda o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini
yanada mustahkamlash, yosh avlodimizni milliy qadriyat va an’analarimiz
ruhida kamol toptirish borasidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Prezident qaroriga muvofiq bayramga tayyorgarlik ko‘rish
va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita hamda ijodiy guruh tarkibi
tasdiqlanishi lozim. Tashkiliy qo‘mita va uning hududiy bo‘limlariga
Navro‘z bayramini Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda
umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga qaratilgan, "Har
kunimiz Navro‘z bo‘lsin!” degan shiorni asosiy g‘oya sifatida o‘zida
mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar rejasini ishlab
chiqish va amalga oshirish topshirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda o‘tkaziladigan
bayram tadbirlari respublika byudjeti va mahalliy byudjetlar hamda joylardagi
ishlab chiqarish korxonalari, xo‘jaliklar, jamg‘armalar
hisobidan, Toshkent shahrida esa O‘zbekiston Respublikasi byudjeti va
Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda
qoplanishi belgilangan.
Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston
Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklatilgan.
Manba:daryo.uz