Isroil Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib berishni boshlashi mumkin
Isroil Rossiyaning Eronga S-300 raketa majmualarini yetkazib berishga taqiqlovni bekor qilishiga javoban Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib berishni boshlashi mumkin. Bu haqda harbiy doiralardagi manbaga iqtibos keltirgan holda NRG xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Isroilda hozircha davlat darajasida Ukraina armiyasiga qurol-aslaha yetkazib berish bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilinmagan.
2015 yilning 13 aprelida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eronga Rossiya orqali S-300 raketa-zenit majmualarini yetkazib berishga ruxsat berdi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Moskva bu qarorni o‘zining tijoriy manfaatlarini hisobga olgan holda qabul qilgan.
Isroil, Germaniya va AQSh Rossiyaning bu harakatlariga qarshi chiqmoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eronga S-300 majmualarining yetkazib berilishi Yaqin Sharqdagi xavfsizlikka tahdid qilishini aytgan. Putin bunga javoban bu majmualar mudofaa maqsadida ishlatilishi hamda Isroilga hech qanday xavf solmasligini bildirgan.