AQShdagi supermarketda 13 kishi is gazidan zaharlandi
AQShning Florida shtati Evalon-park shahridagi Walmart supermarketida 13 xaridor is gazidan zaharlandi, deb xabar bermoqda Orlando Sentinel nashri.
Xaridorlar do‘kondagi datchiklar is gazi konsentratsiya me’yordagidan ancha oshib ketganini ko‘rsatganidan keyin darhol evakuatsiya qilindi. 7 nafar kishi shifoxonaga yuborildi, qolganlar esa shifoxonaga borishni istamaganlari sababli ularga shu yerning o‘zida yordam ko‘rsatildi.
O‘t o‘chirish-qutqaruv xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, qutqaruvchilar bino ichidagi is gazi darajasi me’yordagidan bir necha barobar oshib ketgani tufayli uning ichiga bir necha soat davomida kira olmaganlar.
Voqea sabablari aniqlashtirilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu holat supermarketda bir kun avval olib borilgan gaz bilan payvandlash ishlarida xavfsizlik texnikasiga rioya qilinmagani oqibatida kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.