Amerikaning
Armatix kompaniyasi iP1 deb nomlangan "aqlli” pistoletlarini sotuvga chiqardi. Ishlab
chiqaruvchining ma’lum qilishicha, bu to‘pponcha qurol o‘g‘irlashlar va ularni
jamoat joyida ishlatishlar sonini kamaytirishga xizmat qiladi. ExtremeTech xabariga
ko‘ra, 22-kalibrli mazkur qurol maxsus soat bilan birga sotiladi va bu ikki
buyum orasida radiochastotali aloqa o‘rnatiladi. Qurolning narxi 1399 dollar,
soat bilan birgalikda esa 1798 dollarni tashkil etadi, deya xabar beradi Slash
Gear.
To‘pponcha
va unga biriktirilgan soat orasi 35 santimetrdan uzoq bo‘lmasagina qurol
jangovar holatga o‘tadi. Soatdan qurolga yuboriladigan identifikator
foydalanuvchining o‘zi tomonidan belgilanadi. To‘pponcha maxsus svetodiodli
indikator bilan jihozlangan — soatga yaqin bo‘lgan payti u yashil rangda yonib
turadi, bu esa qurolning o‘t ochishga tayyorligini bildiradi. Armatix
ma’lumotlariga ko‘ra, to‘pponchani o‘g‘irlab olgan kishi uni baribir ishlata
olmaydi.
"Aqlli”
to‘pponcha hozircha faqat Kaliforniya shtatida sotilmoqda. Aytish kerakki,
AQShda 1798 dollar – qurol uchun juda yuqori narx. U yerda jismoniy
shaxslar sotib olishi mumkin bo‘lgan to‘pponchalar narxi ularning turiga qarab
150–200 dollardan boshlanadi. Masalan, Beretta JXF9F51 Px4 to‘pponchasi 569
dollar, Glock 17 esa – 599 dollar turadi.
2014-yilning boshida investor Ron Konuey begonalar qo‘lida
ishlamay qoladigan "aqlli” pistolet ishlab chiqish uchun tanlov e’lon qilgan,
g‘olib bir million dollar mukofot olishi mumkin. Irlandiya kompaniyasi
allaqachon tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan, u ikki turdagi "aqlli”
to‘pponcha ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bulardan birida qurol o‘z
egasining qo‘lidagi bilaguzukka simsiz aloqa orqali bog‘langan bo‘ladi,
ikkinchisi esa dastasidagi barmoq izlari skaneri yordamida o‘z sohibini "tanib
oladi”.