Uch yilgacha aynimaydigan “harbiylar pitssasi” yaratildi
AQShning Massachusets shtatidagi harbiy laboratoriya
mutaxassislari antiqa pitssa yaratishdi. Uning o‘ziga xos xususiyati
muzlatkichdan tashqarida ham uch yilgacha saqlanishi mumkinligidir. Harbiylar
uchun maxsus tayyorlangan mo‘jizaviy pitssa retsepti naq ikki yilda ishlab
chiqildi.
Natik
shahrida joylashgan AQSh Mudofaa vazirligiga qarashli ilmiy tadqiqot markazi
vakili Mishel Richardson so‘zlariga ko‘ra, bu pitssa qadoqning o‘zida uch yil
saqlansa ham yangi holicha turadi va uni bemalol yesa bo‘ladi. Amerika harbiy
xizmatchilari pitssani juda xush ko‘rishadi va ko‘pincha menyuga kiritishni
so‘rashadi, deya ta’kidlaydi ITAR-TASS.
Bu
pitssaning retseptini ishlab chiqish yo‘lidagi asosiy g‘ov – tomat pastasi
va eritilgan pishloq tarkibidagi namlik vaqt o‘tishi bilan pitssaning xamiriga
so‘rilar, oqibatda u buzilib qolar edi. Mazkur muammoni hal etish uchun
olimlar namlikni ushlab qoluvchi mahsulotlar – shakar, tuz va siroplar
miqdorini o‘zgartirishdi. Shuningdek, tomat pastasining, pishloqning va
xamirning kislotalilik darajasi kamaytirildi. Natijada bakteriyalarning
ko‘payishini sekinlatishga erishildi.
Harbiy xizmatchilar hozircha mazkur mahsulotni tatib
ko‘rishgani yo‘q. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, u uy sharoitida duxovkada
tayyorlanadigan pitssaga juda o‘xshash. Yagona farqi – harbiylar pitssasi issiq
emas, balki xona haroratidadir.