AQShda xodim bo‘shash to‘g‘risidagi arizani tort ustiga yozdirdi
AQShning Arizona shtatidagi KOLD-TV telekanali xodimi Mark Xerman ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizani tort ustiga yozdirdi. Bu voqea New York Daily News nashri orqali ma’lum bo‘ldi.
“Iltimos, ushbu mazali tortni mening ketishim haqidagi rasmiy va shirin xabarnoma tariqasida qabul qiling”, - deb yozilgan tort ustiga. Shuningdek, o‘z maktubida Xerman ishi va hamkasblarini sog‘inishini e’tirof etgan.
28 yoshli Xerman gazetaga bergan intevyusida eski ish joyini tashlab ketish og‘ir ekanligini ma’lum qildi. U Neshvillda yangi ish topgan, shu bois ketishga majbur bo‘lgan. Ishdan bo‘shashi haqidagi xabar boshliqqa og‘ir botmasligi uchun uni tortga yozdirishga qaror qilgan. “Tort tufayli xafa bo‘lish mumkin emas”, - ta’kidlab o‘tdi Xerman.