AQShning Shimoliy Karolina shtatining Bransuik okrugida ikki nafar o‘smir akula hujumidan keyin jiddiy jarohatlar oldi. Ikkala voqea ham 14 iyun kuni yarim soatlik farq bilan bir joyning o‘zida sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
Aniqlanishicha, akula tomonidan birinchi hujum soat 16:00 atrofida ro‘y bergan. Hujum oqibatida 14 yoshli qiz qo‘lining bir qismidan ayrilgani va olingan jarohatlardan oyog‘idan ham ayrilishi mumkinligi aytilmoqda. Qizni yaqin orada suzayotgan erkak qutqarib olgan. Yarim soatlarcha o‘tib shu plyajning o‘zida akula yana bir 16 yoshli o‘smirning qo‘lini tishlab olgan. Jabrlanganlar vertolyot bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Polisiyachilar va qutqaruvchilar sohilbo‘yini nazorat ostiga oldi. Sohil bo‘ylab suvga kirishni taqiqlovchi qizil bayroqlar qo‘yib chiqildi. Plyaj joylashgan Ouk Aylend shahri meri Betti Uollesning aytishicha, hokimiyat plyajni yopib qo‘yish masalasini ko‘rmoqda.