AQShda geroin bir pachka sigaretdan arzon turishi aytilmoqda
AQShda bir doza geroin narxi bir pachka sigaretdan arzon turishi aniqlandi. Washington Post gazetasi kichik tergov o‘tkazib, bunga ishonch hosil qildi.
Gazetaning ma’lumotlariga ko‘ra, Baltimorda (Merilend shtati) geroin solingan paketchani 5 dollarga, bir pachka sigaretni esa 7,75 dollarga sotib olish mumkin. Nyu-Yorkda bu narxlar mos ravishda 10 va 12,85 dollarni tashkil qiladi.
Nashrning yozishicha, tamakiga yuqori narx aksiz soliqlari bilan tushuntiriladi. Hattoki bu aksiz soliqlari eng kam miqdorni tashkil qiladigan Virjiniya shtatida ham bir pachka sigaret 5,25 dollar turar ekan.
Nashr giyohvand moddalarni tarqatishga qarshi kurashish federal boshqarmasi agentlariga iqtibos keltirgan holda hayot uchun xavfli bo‘lgan geroinning arzonlashib ketishini meksikan narkokartellarining birgalikdagi harakatlari bilan tushuntirmoqda. Bu narkokartellar AQShda opiumsimonlar asosida tayyorlangan dori vositalarining narxi oshib ketganidan keyin mamlakatga geroin yetkazib berishni keskin ko‘paytirganlar.