Ra’no Yarasheva: Ahmadboyga pul bergan odamlarni oqlamayman
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda chinozlik Ahmad Tursunoboyevga ikki barobar ko‘paytirib olish sharti bilan katta mablag‘larni bergan taniqli san’atkorlarning ro‘yxati tarqalgani haqida xabar bergan edik. Mazkur ro‘yxatda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarashevaning ham nomi qayd etilgan edi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, aktrisa Ahmadboyga 50 000 AQSh dollari bergan.
Bugun Yarasheva tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, bu gaplar quruq tuhmat ekanini aytib, bo‘htonlarni tarqatayotgan odamlarni qidirib topishga kirishganini ma’lum qildi.
“Men Ahmadboy haqida umuman eshitmaganman, hatto, TVdagi ko‘rsatuvni ham ko‘rganim yo‘q. Kechadan buyon qo‘l telefonim tinmayapti, tanish-bilishlar ko‘ngil so‘rab qo‘ng‘iroq qilishyapti. Odamlarga hayronman, ko‘rmagan, bilmagan narsasi haqida bunday gaplarni qanday o‘ylab topisharkin?
Men farzandlarimni halol mehnatim bilan boqqanman. Sudxo‘rlik eng og‘ir gunoh va jinoyat. Qo‘limda shuncha pulim bo‘lganida yetti yot begonaning qo‘liga olib borib bergan bo‘larmidim...
O‘sha Ahmadboy kim ekan o‘zi deb odamlardan surishtirsam, ko‘pchilikning aldanib, pulini oldirib qo‘yganini eshitdim. Bu yerda eng asosiy aybdor – odamlarning o‘zi. Kim nima desa, gapiga ishonib, qarmoqqa ilinib ketaverishgan.
Shu ayrilgan pullariga chiroyli to‘ylar qilsa, kam-ko‘stiga ishlatsa bo‘lmasmidi. Yaratgan bergan narsaga shukr qilib, ortig‘ining ortidan quvmay, nasibaga yarashasini baham ko‘rish – eng chiroyli fazilat. Peshona terisi bilan topgan pulini sudxo‘rning qo‘liga tutqazgan odamlarni hech qachon oqlamayman”.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva ayni vaziyat haqida kuyunib gapirar ekan, san’atkorlar haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatib, shubha va gumonlar ostida qolishiga sababchi bo‘layotgan ayrim kimsalarni topishda huquq-tartibot organlaridan yordam so‘radi va bunday holatlarga qonuniy yo‘l bilan chek qo‘yilishi zarurligini aytdi.