Ra’no Yarasheva hozirga zamon kelinlariga shukr yetishmayotganini ta’kidladi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, aktrisa va shoira Ra’no Yarasheva “Hordiq” gazetasiga bergan intervyusida hozirgi zamon kelinlariga shukr yetishmayotganini aytdi. “Bilasizmi, onamlarimiz qanday og‘ir sharoitlarda yashashgan. Hozir har bir kelinchakning uyidagi oshxonasida ovqat pishirishga gaz tayyor, issiq-sovuq suv tayyor”liginni, bunday sharoitlarning qadriga yetib, shukr qilib yashash kerakligini ta’kidladi.
“Kelinlarimiz bir qarindoshinikida to‘y bo‘lib, yangi ko‘ylak kiysa, keyingi qarindoshining to‘yida “Voy, nima kiyaman?”, deb turishadi. “O‘tgan safargi yangi ko‘ylak bor-ku”, desangiz, “Yo‘q, uni hamma ko‘rgan boshqasini olishim kerak”, degan gapi tayyor”.
Bu haqida kuyinib gapirgan Ra’no Yarasheva “O‘ng tomondagi qo‘shningizga qarab, fikr qiling, chap tomondagisiga qarab, shukr qiling”, deydi.
Shuningdek, suhbat chog‘ida o‘g‘liga yaxshi ko‘rgan qizini uning oilasi, yanada aniqrog‘i, oilasining dunyoqarashi to‘g‘ri kelmagani uchun olib bermaganini ham aytib o‘tdi va “Ikki oilaning qarashlari bir-biriga mutanosib bo‘lmasa, sevishganlarning turmushi uzoqqa bormaydi”, deydi.
Qattiqqo‘llik borasidagi savolga “Yaratgan rollarimda qattiqqo‘l qaynonani o‘ynamagan bo‘lishim mumkin, lekin hayotda bo‘shashgan qaynonaman, deya olmayman. Kelinga ham muomala qilishning o‘z qonun-qoidasi bor. Qattiqqo‘llik, talabchanlik bilan birga mehribonlik ham o‘z o‘rnida bo‘lishi kerak”, deb javob qaytargan aktrisa.