O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarasheva “Umra-2018” doirasida ko‘plab o‘zbekistonliklar qatorida muborak Umra ziyoratiga yo‘l oldi. Bu haqda aktrisaning qizi ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasida xabar berdi.
Onasining Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportidan safarga otlanayotgani tasvirlangan suratlarni va videoni joylashtirgan “Nihol” mukofoti sovrindori Madina Mumtoz Ra’no Yarashevaning ilk bor Umra ziyoratiga yo‘l olganini yozadi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 15 fevral kuni aktrisa Ra’no Yarasheva 57 yoshni qarshilaydi. U 1987 yildan buyon O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritib kelmoqda. Ra’no Yarasheva bir o‘g‘il va bir qizning onasi, 5 nabiraning suyukli buvisi.