Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

Ahmadboy hammadan Uzr so‘radi (Video)

30 iyun kuni O‘zbekiston telekanallari orqali “Ahmadboy vasvasasi” deb nomlangan ko‘rsatuv namoyish etildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Tursunboyev Ahmadjon va uning yaqin qarindoshlari uy-joylari va ularga qarashli korxonalarda 13 milliard 139 million so‘m va 12 million dollardan ortiq mablag‘ mavjudligi aniqlandi.
Xo‘sh, Ahmadga pul bergan va undan pul olgan odamlar soni bir necha o‘n mingga yetgan ekan, buning ortida nima yotibdi?
MTRK telekanallari orqali namoyish etilgan jurnalistik surishtiruvi orqali shu kabi savollarga oydinlik kiritildi.
Hammasi qanday boshlangan?
Ko‘pchilikning e’tiborini tortgan mazkur voqea bundan 4-5 yil oldin boshlangan. O‘shanda chinozliklar orasida “Olmazor qo‘rg‘onida yashaydigan Ahmad odamlardan pul, qoramol, avtomashinalarni bir yilda ikki barobar qilib qaytarish sharti bilan qabul qilayotgan emish” degan gap-so‘zlar tarqaldi. Nahotki, hech qanday mehnatsiz bir zumda bir so‘mni ikki so‘m qilish mumkin bo‘lsa? Ammo aholining ishonchiga kirishga qaratilgan urunishlar zoe ketmadi va oson yo‘l bilan boyib ketishni istaganlar birin-ketin Ahmadni eshigini qoqib kela boshladi.
Bergan puli yoki molini ikki barobar qilib qaytarib ola boshlagan mijozlar yangi mijozlarni boshlab keladi. Ayni paytda aholi orasida sahovatpesha, bir so‘zli, odamohun degan tasavvur mustahkam shakllana boshladi.
Ahmadning faoliyati ayniqsa 2015 yilning ohirlariga kelib juda kengayib ketdi. Bu paytga kelib Ahmadning atrofida qonunchilikdan uncha–buncha xabari bor odamlar maslahatchi sifatida paydo bo‘ldi. Ularning yo‘l-yo‘rig‘i bilan Tursunboyev o‘zining faoliyatini huquqiy jihatdan asoslaydigan biror tuzilmaga asos solishga kirishadi va 2016 yilning 12 yanvarida “Chinoz avto hamkor” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Chinoz halol chorva” fermer xo‘jaligini tashkil qildi. Davlat ro‘yxatidan o‘tgan ikki MChJga ko‘p yillar nufuzli idoralarda ishlab kelgan mutaxassislar jalb qilindi.
Ahmadboyga ishonch ortgandan ortaverdi
Masalaning yana bir e’tiborli jihati shundaki, “Chinoz avto hamkor” MChJ ish boshlagandan keyin omma o‘rtasida Ahmad Tursunboyevga bo‘lgan ishonch yanada ortib ketadi. Mazkur korxona Ahmadning qonuniy ish yuritayotganini isbotlaydigan bir dastakka aylanadi. Avval pul va qimmatbaho buyumlarni og‘zaki ravishda kelishib qabul qilib kelayotgan Ahmad, endi shunday muhit yaratdiki, bu yerga kelgan mijoz o‘zini bankka omonat qo‘yishga kelganday his qiladi. Eshik oldida 4-5 nafar qorovul har tomonda kuzatuv kamerasi, hujjat orqali ichkariga kiritilishi, ichkarida esa banklarda bo‘lgani kabi turnaqator kassalarning ishlab turishi kabi sahnalar kelgan kishida hech qanday shubha qoldirmaydi.
Boylik vasvasasi
Ahmadga mol yoki pul berganlarning tez orada boyib ketayotgani boshqa odamlarni ham vasvasaga soladi. Vaziyat shu darajaga borib yetadiki, o‘nlab odamlar pul topshirish uchun Ahmadning ofisi oldida 1-2 kunlab navbat kutishadi. Olib kelingan narsa hoh u avtomashina bo‘lsin, hoh chorva mollari bo‘lsin pulga chaqiladi va daftarga yozib qo‘yiladi, keyin esa abonentning qo‘liga bir parcha qog‘oz tutqaziladi.
Avval barcha ishlarni o‘zi bajarib kelgan Ahmad endi vazifalarni o‘ziga hayrihoh bo‘lgan 1-2 so‘m ta’ma evaziga pinjiga kirgan shotirlariga taqsimlab beradi.
Masalan, mijozlar olib kelgan mashinalarni baholash va ularni bozorga olib chiqib sotish ishlarini jiyani Sherzod Dusanovga topshiriladi. U kuniga 15 tagacha avtomobilni olib bozorga olib chiqqadi. Qoramolini narxlatib, pulini ikki hissa qilib, olish payida bo‘lganlar esa Chinoz va Yangiyo‘l bozorlarida dallollik bilan shug‘ullanib kelgan Yunusali Jo‘raevga uchrashishlari lozim edi. U har bir sotgan moli boshiga 50 ming so‘mdan pul olgan.
Mol bozorida dallol bo‘lib ishlayotgan Yunusali bir ikki yilda dang‘illama hovli qurib, yangi mashinalar olib to‘kin hayot kechiradi.
Ahmad katta miqdorda pul aylanayotgan joyga begonalarni yaqinlashtirib bo‘lmasligini yaxshi anglagan va shu bois atrofiga ishonchli odamlarni jamlashga harakat qilgan. Ya’ni mas’ul vazifalarni yaqin qarindoshlariga ishonib topshiradi. Masalan, kuyovi Olmos Qo‘chqorov barcha hisob-kitob ishlarini yuritishga javobgar etib tayinlanadi. Naqd pullarni qabul qilish va oylik foizlarni olib ketishga kelgan abonentlarga kelishilgan miqdordagi pullarni berish va qayd qilib borish ishlari O‘lmas Qo‘chqorovning zimmasiga yuklatiladi.
Kassalarda ishlayotgan xodimlar ham Ahmad Tursunboyevning aka-ukalarining farzandlari va yaqin qarindoshlari bo‘lgan.
Ahmad va uning sheriklari mijozlarni qiziqtirish uchun yangi usullarni qo‘llagan. Masalan, yangi mijoz topib kelganga suyunchi puli joriy qilinib, kirim qilingan mablag‘ga qarab pul mukofoti joriy qilingan.
Bir qarashda hammasi risoladagidek, mijozlar pullarini o‘z vaqtida olyapti, hamma bir-biridan rozi ariza va shikoyatlar yo‘q.
Pulimni beryapman, e’tirozim yo‘q!
Eng qiziq tomoni shundaki, pul yoki mashinasini xatlab berayotgan shaxs o‘z hohishi bilan “Chinoz avto hamkor” MChJga 12 oy davomida oyma-oy bo‘lib olishga berdim, ushbu molimni berayotganimda, hech kimdan hech qanday e’tirozim yo‘qligini o‘z zimmamga olaman va ilova qilib pasportim nusxasini berdim”, – deb yozib, – “Chinoz avto hamkor” MChJ rahbariga biror kor-hol bo‘lib qolsa, hech kimga e’tiroz bildirmayman va shuni inobatga olgan holda tavakkalchilikka qo‘l uryapman” deya Ogohlantirish xatiga imzo chekkan.
Piramidaning asosi qachon buzildi?
Ahmad Tursunboyevning qurib borayotgan moliyaviy piramidaning tezkorlik bilan o‘sib borishining sabablaridan yana biri joylarda filiallar ochishi bilan bog‘liq.
Ana shundaylardan biri uning ishonchini oqlab mehru-muhabbatiga sazovor bo‘lgan Quvonchbek Abulqosimov. U Chinoz tumanidagi “Sutbuloq” mahallasida aholidan naqd pul, avtomobil chorva mollari va qimmatbaho buyumlarni qabul qilib, Ahmad Tursunboyevga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi, ammo bu munosabatlar hayrli yakun topmaydi. Boisi aholidan katta miqdorda pul qabul qilishni boshlagan yangi boy hojasiga sadoqatsizlik qiladi. Ohir oqibat shu darajaga borib yetadiki, Quvonchbek Abulqosimov o‘zi mustaqil ish yuritib, yiqqan pullarini Ahmad Tursunboyevning kassalariga kirim qilmay qo‘yadi. O‘rtada kuchli ziddiyat paydo bo‘ladi. Sadoqatli shogirdning itoatsizligidan pand yegan Ahmadboy, uni imkon qadar tezroq o‘yindan chiqarish payiga tushadi va uning ustidan huquq tartibot organlariga shikoyat arizasini kiritadi. Mana shu yerga kelganda moliyaviy piramidaning asosiga zil ketganini fahmlash qiyin emas. O‘zaro murosasizliklar nish urayotgan paytda Quvonchbek Abulqosimovning va’dasiga ishongan odamlar Ahmad Tursunboyevdan pullarini so‘rab da’vo qilishadi. Tergov surishtiruv davomida Chinoz tumanida Ahmad Tursunboyevdan tashqari yana bir necha fuqaro ikki barobar qilib qaytarish va’dasi bilan aholidan avtomashina, qoramol, pul va boshqa moddiy boyliklarni og‘zaki ravishda kelishib kelgani ma’lum bo‘ldi. Ana shulardan biri Nuriddin Abulg‘ozievdir. Nuriddin Abulg‘oziev noqonuniy yo‘l bilan orttirgan boyliklari hisobiga Yangiyo‘l shahrida joylashgan 140 ko‘pqavvatli uyning birinchi qavatini to‘liq sotib oladi va u yerda fitnes klub qurish ishlarini boshlab yuboradi.
Tergov surishtiruv jarayonida Toshkent shahrida joylashgan “Diyorbek” mehmonxonasi va Zangiota tumanidagi Yuksalish to‘yxonasi Nuriddin Abulg‘ozievga tegishli ekanligi aniqlandi. Bundan tashqari aholidan yig‘ib olingan mol-mulk evaziga Qibray tumanida dang‘illama hovli qurish ishlarini boshlab yuborgani ma’lum bo‘ldi. Unga tegishli bo‘lgan avtomobillar joyidan esa aholidan qabul qilib olingan 62 ta turli rusumdagi avtomobillar borligi aniqlandi.
Ahmad Tursunboyev huquq tartibot organlari tomonidan qo‘lga olinganidan keyin tahlikaga tushib qolgan Nuriddinning abonentlari pullarini davo qila boshlashadi. Hammaga birvarakayiga pullarni qaytarishning iloji yo‘qligi ma’lum bo‘lganidan keyin o‘rtada ziddiyat yuzaga keladi va Nuriddin yashash joyidan qochib ketadi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan nuriddin Abulg‘oziev qo‘lga olinadi.
Hozirda qidiruvda bo‘lgan 1984 yilda Chinoz tumanida tug‘ilgan Mirzamurod Yunusaliev ham 2015 yilga qadar Ahmadning yugurdaklaridan bo‘lgan va halq orasida ustozi kabi Murodboy nomini oladi. Unga tegishli bo‘lgan avtomobil turar joylarida aholidan ikki hissa qaytarish va’dasi bilan olingan yuzdan ortiq turli rusumdagi avtomobillar borligi aniqlandi.
Mirzamurod Yunusaliev ikki hamtovog‘ining qismatidan voqif bo‘lganidan keyin o‘z yashash manzilidan qochib ketadi va hozirda uni qo‘lga olish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Rahnamolari kim bo‘lgan?
Shu o‘rinda Ahmad Tursunboyev faoliyatining yana bir jihatiga e’tibor qaratish lozim, shuncha ishni tayinli bilimga ega bo‘lmagan esini taniganidan beri qassobchilik bilan shug‘ullanangan odamning bir o‘zi qilishi biroz haqiqattan uzoqroq masala. Ahmadning yonida firibgarlikning turli nayranglarini yaxshi o‘zlashtirgan hammaslaklari turli yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turgani ayni haqiqat. Shunday kimsalardan biri, sobiq millisiya xodimi Tohir Mustafaqulovdir. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Tohir Mustafoqulov uning maslahatchisi sifatida doim yonida yurgan. Biroq Tohir Mustafoqulov Ahmad Tursunboyevni taniganini inkor etdi.
U qanchalik tergovni chalg‘itishga urunmasin, uning Ahmad bilan juda ko‘p yillardan buyon aloqada bo‘lib kelayotganini tasdiqlaydigan rad etib bo‘lmas dalillar bor. Kechagina Ahmadga yaqin bo‘lganidan fahrlanib yurgan bu kimsa uning qilmishlari fosh bo‘layotgan bir pallada undan tonib turishidan ajablanmasa ham bo‘ladi. Shundan ham bilsa bo‘ladiki Ahmadboyning atrofida yolg‘onni suvday ichadigan qalloblar jam bo‘lgan.
Ahmadboy pullarni qaerlarga sarflagan?
Uning o‘tgan yili noyabr oyida o‘tkazgan sunnat to‘yi odamlar orasida ancha shov-shuv bo‘ldi. Hisobsiz pullar ko‘kka sovurilgan bazm kechasida mashhur san’atkorlar yangi boyni xizmatida bo‘ldi.
Bir necha milliardlab sarflangan qasr qurdi. Atiga bir necha oyda qad ko‘targan bu imoratga mahalliy aholi “Ahmadboyning villasi” deb nom berdi.
Qimmatbaho mashinalarning ishqibozi bo‘lgan Ahmad Tursunboyev bir necha ana shunday mashinalar sohibi ekanligiyam ko‘pchilikka ma’lum. U qiymati bir necha 100 ming dollar bo‘lgan mashinalarda savlat to‘kib, o‘zini ko‘z-ko‘z qilib yurishni ham xush ko‘rgan.
Ming bosh qoramol boqishga ixtisoslashgan ferma 2016 yilning mart oyidan ishga tushgan va 645 ta nasldor buqa olib kelingan. Ahmad Tursunboyev shu yil Chinoz tumanining “Eshonobod” q.f.y.da joylashgan “Qojakent” chorva va naslchilik fermasini sotib oladi bu yerda 2000 chorva moli boqishga mo‘ljallangan fermani qura boshlaydi. Kelgusida esa 10 ming qora mol boqishga mo‘ljallangan ferma qurish maqsadida katta hududda tuproq tekislash ishlarini boshlab yuboradi. Xashamatli uylar saf tortib turgan qo‘sha-qo‘sha qimmatbaho mashinalar ming-minglab chorva mollari boqishga mo‘ljallangan ferma. Nahotki, molini uyini sotib yoki to‘y qilaman, uy quraman deb misqollab yiqqan sarmoyasini qo‘shqo‘llab topshirayotgan odamlar bu dabdabayu hashamatlarning o‘zlarining pullari hisobiga bunyod bo‘layotganini anglab yetmagan bo‘lsa.
“Tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi”
Ahmad Tursunboyev aholidan boyliklarni qabul qilar ekan, ularni rasmiylashtirmasdan o‘zining ish daftarlariga qayd etib qo‘ygan. Kirim-chiqim kitobi yuritilmagan, pala-partish ish tutilgan. Masalan, Ahmadning na o‘zi va na uning qo‘l ostidagilari qancha odamdan qancha miqdorda pul olingani kirim va chiqimning bir-biriga mutanosibligi to‘g‘risida hatto bosh qotirib ham ko‘rmagan. Bir so‘z bilan aytganda, hisobsiz mol-dunyo oqib kelavergan avval pul berganlarga esa oqibati o‘ylanmasdan ikki hissa qilib qaytarilavergan. Shu tariqa tubsiz jarlik paydo bo‘lgan. Bugun bu jarlik pul berganni ham olganni ham o‘z doimga tortmoqda.
Bu kabi o‘yinlardan kim naf ko‘radiyu, kim jabr chekadi?
Moliyaviy piramidaga pul tikadiganlar bu holat bir umr davom etishi mumkin deb o‘ylashadi. Odamlar daromadni ko‘radi, lekin daromadni nima hisobidan bo‘layotganini ko‘rmaydi.
Yuqorida keltirilgan dalillardan shu narsa aniqlanadiki, Ahmad Tursunboyev atrofida juda katta uyushgan jinoiy halqa tuzilgan uyushma hosil qilgan. Tergov surishtiruv jarayonida unga aloqador firibgarlik ko‘lami naqadar katta ekani tobora ayon bo‘lib boryapti.
Nega o‘z vaqtida chora ko‘rilmadi?
Ko‘rsatuvda ishtirok etgan jabrlanganlardan biri haqli savolni berdi: “Vijdonsiz mansabdor shaxslar, hokim, tuman IIB rahbarlari nega shu kungacha shu ishlarni tekshirmadi. Oddiy halq pirojki sotsa ham yugurib tekshirgani keladi, nega Ahmadboyni tekshirmadi. Agar o‘z vaqtida tekshirilganda, shu paytgacha uni to‘xtatganda shuncha halq qaqshab qolmasdi...”
Haqli savol u yillar davomida shuncha kirdikorlar qilgan ekan, nega unga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmadi yoki faoliyati taftish qilinmadi. E’tiborli tomoni shundaki, Ahmad Tursunboyevdan naf ko‘rayotganlar mahalliy amaldorlar, huquq-tartibot organlari vakillari uning bu ishlariga panja ortidan qarab kelgan. “Egan og‘iz uyalar” deganlariday ular Ahmadboyni fosh qilish o‘rniga jinoiy sheriklik qilib kelgani tergov surishtiruv jarayonida aniqlanyapti.
Ma’lum bo‘lishicha, katta lavozimdagi odamlar, hokim, millisiya, mashhur san’atkorlar  ham uning abonenti bo‘lib kelgan.
Mansab vakolatini suiste’mol qilib, Ahmad Tursunboyevning noqonuniy faoliyatiga rahnamolik qilib kelgan mansabdor shaxslarning hatti-harakatlariga tergov jarayonida tegishli huquqiy baho beriladi.
Xulosa
Bugun pulidan molidan ayrilganlar bir necha o‘n ming kishi bo‘lsa, bu firibgarlikka chek qo‘yilmaganida, bundan ham ko‘proq bo‘lishi muqarrar edi.
Bir qator qonunbuzarliklarni sodir etgan Ahmad Tursunboyev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan JKning bir necha moddalariga asosan  jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va surishtiruv tergov ishlari davom etmoqda. Albatta Ahmad Tursunboyev va uning sheriklari qilmishi uchun qonuniy jazo oladi. Ammo aldangan va jabrlanganlarchi? Ular uchun bu bir achchiq saboq bo‘ladi!
Ahmadboyning o‘zi nima deydi?
“Unikini bunga bunikini unga berish bilan shu yo‘lga kirib ketganman... To‘g‘risi, bankrotga uchradim, pul yetkazib bera olmadim. Ayni damda qancha odam menga ishonib pul topshirganligini bilmayman. O‘nta zavodi bo‘lgan odam ham bu ishni eplay olmaydi, yetkazib berolmaydi... Men bu o‘yinga kirib qolganman. Afsusdaman... Barchadan uzrimni so‘rayman, qilgan ishimga pushaymonman!”
O‘zMTRK telekanallari orqali namoyish etilgan ko‘rsatuvni quyida tomosha qilishingiz mumkin.


Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 17344 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Ahmadboy
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 20:26
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное