Prezident Davlat test markazini eski texnologiyalar uchun tanqid qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 16 noyabr kuni “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” qarorga imzo chekdi.
Ushbu qarorda Respublika oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlarini o‘tkazishning moddiy-texnik ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni ham butunlay qaytadan ko‘rib chiqish taqozo etilayotgani qayd etilgan.
Bugungi kunda test sinovlari natijalari 2000 yilda xarid qilingan 4 ta optik skaner orqali chiqarilishi, test materiallarini chop etishga mo‘ljallangan ofis texnikasi (printer va kompyuterlar) ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirib ketganligi oqibatida test sinovlari natijalari qariyb 15–20 kunga cho‘zilib e’lon qilinishi bugungi kun talablariga javob bermasligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari 2018–2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkazish tartibi o‘rnatilgan.
Kirish test sinovlari natijalarini test o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilish vazifasi yuklandi.