O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligini nishonlash arafasida Prezidentimiz tomonidan 2 ming 700 nafar mahkumni afv etish to‘g‘risidagi Farmon imzolandi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 2 ming 700 nafar mahkumni, shu jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslarni afv etish to‘g‘risida Farmon qabul qilindi.
Ushbu Farmon bilan afv etiladigan mahkumlarga tez kunlarda o‘z oilasiga va jamiyatga qaytib, bundan buyon mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lish imkoniyati yaratildi.
Mazkur Farmonning qabul qilingani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan davlat va jamiyatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar insonparvarlik tamoyiliga asoslanganligini ko‘rsatuvchi yana bir yorqin dalildir.