Bundan roppa-rosa 79 yil muqaddam, 1934 yil 22 iyulda «Qo‘lga tushmas shovvoz» nomini olgan Jon Dillinjer AQSh mahfiy xizmat xodimlari tomonidan otib o‘ldiriladi. Ko‘p yil maxsus tayyorlangan josuslar kuzatuvida bo‘lgan Jon amerikaliklar orasida banklarni o‘marish bo‘yicha ustasi farang hisoblanardi. Uni hatto «bank o‘g‘rilarining otasi» ham deyishgan. Buni qarangki, Jonning o‘limidan so‘ng uning «kasbi»ni davom ettirgan hamda uslubiga yangiliklar kiritganlar ko‘plab topildi. 1945 YIL, GERMANIYa....
Germaniyaning Reyxsbank banki azaldan oltin quymalariga boy sanalgan. Bank seyflarida saqlanayotgan bir necha tonnali oltinlar, albatta, sarguzasht ishqibozlarini befarq qoldirmasdi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur bankda Germaniyaning katta xazinasi qo‘riqlangan.
1945 yil urush yakuni munosabati bilan mag‘lub davlatning moliyaviy holati o‘rganiladi. Ana shunda o‘sha mashhur Reyxsbankning sirli seyflari ham ko‘zdan kechiriladi. Tekshiruvchilar binoning barcha katta-kichik tuynuklaridan to mahfiy xonalarigacha tintishgan bo‘lsada, tog‘-tog‘ hazinani topa olishmaydi. Hisob-kitob ishlari esa jamg‘armadan 3,34 milliard AQSh dollari o‘g‘irlanganini ko‘rsatardi. Bu ish birvarakayiga qilinmagan. Chunki o‘sha paytlarda hamma yoqda to‘s-to‘palon, vayronagarchilik bo‘lgan. O‘g‘irlashni reja qilganlar bir necha marta aytilgan mablag‘ni olib ketishgan. Germaniya tarixida mazkur jinoyat xanuz yechimi topilgan jumboqlardan biri hisoblanadi. Keyinchalik o‘tkazilgan tergov ishlari ham hech qanday natija bermagan.
1976 YIL, FRANSIYa ...
«Dabdabali o‘g‘rilik» nomi bilan tarixga kirgan hodisa huddi Gollivud filmlaridan olingandek. 1976 yil 16 iyul. O‘sha kuni jinoyat olamining nomdor rahnamolaridan biri Albert Spadjiari hamtovoqlari bilan birga Nissadagi Sosete Jeneral bankini o‘marishadi. Qo‘lga kiritilgan o‘lja unchalik katta emas, 9,8 millionni tashkil etgan. Bayram kunini mo‘ljallangan o‘g‘rilar yer ostidan qazilgan yo‘l yordamida binoga kirishadi. Rejalarini amalga oshirgach esa toliqishganidanmi yoki ko‘ngilxushlik qilishga boshqa joy topilmaganmi, xullas bankda qolib tong ottirishadi. Seyflardan topilgan suratlar to‘plamini tomosha qilib, mayxo‘rlik qilishadi. Ketish oldidan esa devorda yozuv qoldirishni ham unutishmaydi: «G‘arazlik, zo‘ravonlik va qurolli tajavuzlarsiz»
1987 YIL, BUYuK BRITANIYa....
Gohida o‘n-o‘n besh kishi eplashi mumkin bo‘lgan ishlarni bor yo‘g‘i ikkita odam bajargani hayratga soladi. Ayniqsa bu katta hajmdagi o‘g‘rilik bo‘lsa...
1987 yilning 12 iyuli. Odatdagidek Knightsbridge banki mijozlar bilan gavjum. Kelib-ketayotganlar shu qadar ko‘pki darvoza oldida turgan soqchilar qurollangan ikkita kishining ichkariga kirganini payqamay qolishadi. Xuddi, to‘pponcha o‘qtaldi, o‘mardi, ketdi, deyilganidek o‘g‘rilar mijozlarga po‘pisa qilib, bank xodimlarini garovga olishadi. «Vaqtincha ishlamayapti» tamg‘asini eshikka osib, rejaga ko‘ra 174 million AQSh dollarini cho‘ntakka urishadi. Qizig‘i, o‘g‘rilar qay tariqa osonlik bilan kirishgan bo‘lsa, huddi shunday chiqib ketishadi.
2005 YIL, BRAZILIYa ...
Iyul tonglarining birida Fortaleza shahrida joylashgan bankning «po‘lat sandiq» lari bo‘m-bo‘sh holda topiladi. Voqea joyidan polisiya xizmatiga xabar qilgan ishchilar o‘g‘rilik qanday sodir etilganini bilishmasdi. Tergov jarayonida esa hammasi fosh bo‘ldi. O‘g‘rilar uzoqda emas, shundoqqina bank binosiga yaqin dala-hovlini ijaraga olishgan ekan. Bir necha kun davomida yerostidan yo‘l qazishgan bo‘lib, uzun yo‘lakka elektr yoritgichlar hamda havo purkagichlarini ham o‘rnatishibdi. Qulay qazilgan, yorug‘ va salqin yerosti yo‘lakchasidan o‘g‘rilar osonlikcha 76 million 800 ming AQSh dollarini olib chiqishgan.
2006 YIL, ANGLIYa...
Hamma narsaning hisobini olgan jinoyatchilar o‘g‘rilikni odatdagidek amalga oshirishni istashmaydi. Polisiya xizmatchisi libosini kiyib olgan firibgarlar guruhidan biri uyi tomon oshiqayotgan Kent banki menejerining mashinasini to‘xtatadi. «Xotining va o‘g‘ling gavroda. Ular uchun katta tovon to‘laysan» deya qurollangan kishi u bilan birga bankka qaytadi. Aytilgan gapga chippa-chin ishongan bank xodimi ham ular aytgan summani seyflardan chiqarib beradi. 92,5 million AQSh dollarini o‘margan jinoyatchilar ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, haqiqiy polisiya xizmatchilari yetib kelishadi. Ammo kech bo‘lgandi. Jinoyatchilar qo‘lga olinmaydi.
2009 YIL, ShVESIYa...
Bu o‘g‘rilik butun Shvesiyani oyoqqa turg‘azgandi. 20 daqiqa ichida sodir bo‘lgan voqeaga ishonishni ham ishonmaslikni ham bilmaysan...Biroq million kron o‘marilgani ayni haqiqat.
Operatsiya tonggi 05:19 da boshlanadi. Bank binosi tomiga oq rangi vertalyot qo‘nadi. Undan to‘rt nafar qurollangan kishi tushib, to‘g‘ri qimmatbaho qog‘ozlar saqlanadigan xonaga yo‘l oladi. Bino qo‘riqlash tizimi ishga tushganiga qaramay o‘g‘rilar shu qadar tez harakatlanishadiki, 20 daqiqa ichida «operatsiya» tamomlanib, yana vertalyotda g‘oyib bo‘lishadi. Polisiyachilar barcha kuchlarni qidiruv ishlariga jalb qilishgan bo‘lsa-da, bir necha soatdan so‘ng Shvesiya shimolida jinoyatchilar yashiringan vertalyotni topishadi, xolos. O‘g‘rilarning o‘zi esa sirligicha qoladi.