Gapni gapir uqqanga, deganlaridek plagiat qo‘shiqlar haqida qancha yozmaylik, o‘g‘irlangan qo‘shiqlarni qancha qoralamaylik natija bo‘lmayapti.
Ko‘plab OAVlarda mushtariylarning fikr va mulohazalari asosida 2015 yilning eng xit qo‘shiqlari, eng ommalashgan klip, eng yaxshi film, eng yaxshi xonandalar nomi e’lon qilindi. Biz bu reytinglarga biroz o‘zgartirish kiritishga harakat qildik. Birinchi bo‘lib e’tiboringizni “Yilning o‘g‘ri xonandalari”ga qaratmoqchimiz. Demak, birovning mehnati evaziga shuhrat topganlarning nomlari bilan tanishing.
“O‘g‘irlikning noni qattiq, Bahrom!”
“Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi” deganlaridek xonanda Bahrom Nazarovning “Pari-pari” qo‘shig‘i xalq orasida qanchalik ommalashmasin, bu qo‘shiqning asl ijrochisi boshqa xonanda ekanini unutmaslik kerak. Qo‘shiq armanistonlik xonanda Silva Akopyanning “Noraxarsik” nomli qo‘shig‘iga ikki tomchi suvdek o‘xshashligi sizni hayron qoldirmaydimi? O‘g‘irlagandan keyin ortidan keladigan yaxshi gapni ham, yomon gapni ham birday qabul qilishni bilish kerak. “Pari-pari” Bahrom Nazarovga qancha shuhrat olib kelgan bo‘lsa, tanqidlar ham undan kam bo‘lgani yo‘q.
Darvoqe, qo‘shiqni o‘g‘irlagan xonanda klipga kelganda uzoq bosh qotirishni istamagan chog‘i, klipning ba’zi lavhalarini ham aslidagidek qilishga urunibdi.
“Asalxo‘jayeva an’analariga sodiq qoldi”
Xorijdan qo‘shiq o‘g‘irlash haqida gap ketganda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mavluda Asalxo‘jayevaning nomini unutib qoldirishning imkoni yo‘q. Turk qo‘shiqlarini o‘g‘irlashda peshqadam bo‘lgan Mavluda Asalxo‘jayeva 2015 yilda ham eski an’analariga sodiq qoldi. Xonandaning yil boshida xit bo‘lgan “Kim sevar” nomli qo‘shig‘i Turkiyada allaqachon ommalashib bo‘lgan ekan. Turkiyalik xonanda Yusuf Guneyning “Bunalim”ini o‘g‘irlashdan avval Asalxo‘jayeva uni ogohlantirganmikin yo xonandaning mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun xujjatlaridan xabari yo‘qmi? Har holda bu qo‘shiq Mavluda Asalxo‘jayeva o‘g‘irlab kuylagan birinchi qo‘shiq emas. Shu sabab bu xonanda keyingi yilgi “qora ro‘yxat”dan ham o‘rin olsa ajabmas.
“Mahkamov va Nizomova ham o‘g‘rilik kursisida”
“Ko‘za kunda emas, kunida sinadi”, – deb shuni aytishmasa kerak. Xonandalar Diyor Mahkamov va Aziza Nizomova oyda-yilda bir qo‘shiq aytgandi. “Sevgimiz” nomli bu taronaning tagini surishtirsak, bu qo‘shiq ham turkiyalik xonandalar Rafet El Roman va Ezo ijrosidagi “Kalbine surgun” nomli qo‘shiq bo‘lib chiqdi. Xonandalar turk qo‘shiqlaridan birortasini o‘g‘irlaymiz deb niyat qilishgan ekan, tinglovchilar qulog‘iga yetib bormagan boshqa qo‘shiqni imi-jimida o‘g‘irlab aytishgan-da edi, shuncha dashnomga qolishmasmidi...
“Dilshod Yunusov ham ishonchni oqlamadi”
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alisher Fayzning shogirdi Dilshod Yunusov “Boshingda ro‘mol” nomli qo‘shig‘i orqali muxlislar e’tiboriga tushishga ulgurgandi. Uning shirali ovozi quloqqa o‘rnashib bo‘lgach, xonanda “Zaharcha” nomli qo‘shiqni muxlislar e’tiboriga havola etdi. Mazkur qo‘shiq hazilomuz uslubda bo‘lib, uning musiqasida arab tilida kuylangan “Habibi”, “Salma, ya, salama” qo‘shiqlari va turk estradasining mashhur yulduzlaridan Tarkanning “Dudu” qo‘shig‘i musiqasidan foydalanilgan. Balki xonanda va qo‘shiq mualliflari buni plagiat sanamas va yangilikka qo‘l urish, deb baholashar, biroq musiqashunoslar tili bilan aytganda, musiqiy asarlardan yettitadan ortiq nota olinishi o‘g‘irlikdan boshqa narsa emas. Shuning uchun bu borada Dilshod Yunusovni oqlay olmaymiz. Yosh ijodkorlar birinchi qadamlarini o‘g‘irlik yo‘li tomon bosmay, ustozi kabi ijod qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
“Zoirbek, hafsalani pir qildingiz”
Shou-biznesda darrov tilga tushish osonmi? Ha, birovning qo‘shig‘ini o‘g‘irla, tanigan ham taniydi, tan olmagan ham... Xullas, bu Zoirbek deganlari 2015 yilda “Do‘st” degan juda ma’noli qo‘shiq kuylab chiqdi, deng. Uni tinglab, yuraklar sel bo‘lib oqdi. Qo‘shiqqa sel bo‘lib oqqan ko‘ngilning oxiri esa o‘g‘irlik ko‘chasi bo‘lib chiqdi. Internet qurg‘urning “aytishicha”, bu qo‘shiq “Berur” guruhining “Brat” nomli qo‘shig‘idan hech o‘zgarishsiz, shundoqqina o‘g‘irlangan. Zoirbekning favqulodda mashhur bo‘lgan bu qo‘shig‘i odamlar tiliga tushishining asl sabablari boshqa ekan-da.
“Rahimxon hamda Farhod va Shirin bir qo‘shiqni o‘g‘irladi”
“Yulduzlik kasali” qursin! San’atkor o‘z mavqeini bir yerda ushlab turish uchun nimalar qilmaydi deysiz? O‘zbek shou-biznesida o‘g‘irlab qo‘shiq aytish shunchalik urchib ketganidan bir qo‘shiqni ikki xonanda birvarakayiga o‘g‘irlab chiqayotganiga ham guvoh bo‘lib turibmiz. Bunga misol tariqasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sardor Rahimxon va xonandalar Farhod va Shirinni keltirish mumkin. Sardor Rahimxonning “Sanamjon” deb maqtangani o‘g‘irlangan qo‘shiq bo‘lib chiqdi. Turk, rus, eron, tojiklarning qo‘shiqlari qolib endi navbat fors qo‘shiqlarga kelibdi.
Farhod va Shirin esa bu qo‘shiqni Sardor Rahimxon bilan oldima-ketin o‘g‘irlab “Ona tuproq” deb kuylab chiqdi. Vatan haqidagi qo‘shiqni ham o‘g‘irlab kuylashga uyaling! Boshqa birov aytgan qo‘shiqni meniki, deb aytib chiqishingiz adolatdanmi? Kim mehnat qiladiyu, rohatini kim ko‘radi, maqtovini kim eshitadi? To‘ybop, yalla qo‘shiqlarni o‘g‘irlab kuylashingizga ko‘z yumarmiz, biroq Vatanni ham birovning qo‘shig‘i bilan madh etib bo‘larkanmi?
“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi rahbariyati o‘tgan yili xorijdan o‘g‘irlangan qo‘shiqlar asl rasmiy ruxsatisiz radio va TV efirlarida berilmasligini ma’lum qilgan edi. Shunday so‘ng o‘g‘irlash biroz kamaydiyu, ming afsuski, butunlay barham topmadi. “O‘zbeknavo” 2016 yilda plagiat qo‘shiqlar bo‘yicha nazorat jilovini bo‘shashtirmasa, kelgusi yillarda bizning san’atkorlarga o‘g‘ri tamg‘asi bosilishiga chek qo‘yilar, balki.
|