OTMlarga kirishda qo‘llanadigan norasmiy usullar sanab o‘tildi
O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida 15dan ortiq noqonuniy va norasmiy usullari qo‘llanilmoqda.
“Darakchi” nashrining bildirishicha, bular orasida “Tanka”, “Shpora”, “Paravoz”, “Bunker”, “Telepatiya”, “Soldat”, “Telefon”, “Parashyut”, “0 variant yoki X variant” kabilarni sanash mumkin. Masalan, “telepatiya” usulida kimnidir o‘qishga kiritishga yollangan soxta abiturientning qo‘liga falon pul turadigan skaner ruchka tutqaziladi. U o‘qishga kirishi kerak bo‘lgan abiturientning test variantidan skaner ruchka yordamida nusxa oladi va o‘z javob varaqasini tezlik bilan to‘ldirib auditoriyadan chiqib ketadi. Tashqarida turgan yollangan mutaxassislar esa skaner ruchka yordamida olingan savollarga javoblarni ichkaridagi abiturientga SMS orqali yo‘llashadi.
“Paravoz” usulida abiturientlarning testini ishlab berish uchun boshqa bir o‘quv yurtida tahsil olayotgan aqlli talabalar yollanadi. Ular odatda soxta abiturient sifatida kirib kamida 10-15 nafar yigit-qizning hojatini chiqaradi.
“Soldat” usulida esa bilimdon talaba puldor abiturientning nomidan soxta hujjat bilan kirib (qalbaki hujjatda abiturientning ism-sharifi, yollanma talabaning surati aks etadi) test ishlab beradi.