Abiturientlardan biometrik pasport talab qilinmaydi
Oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirayotgan abiturientlarda biometrik pasport bo‘lishi talab qilinmaydi. Bu haqda “Darakchi” gazetasi ma’lumot bermoqda.
Abiturientlarning hujjatlari faqat biometrik pasport bilan qabul qilinishi haqidagi mishmishlar o‘tgan yillarda ham eng ko‘p beriladigan savollardan biri edi. Hattoki abiturientlardan ayrim ta’lim dargohlarida shunday pasportlar talab qilinib, ularga ega bo‘lmaganlarning hujjatlarini qabul qilishdan bosh tortish hollari kuzatilgani haqida ma’lumot berilgan edi.
O‘zbekiston prezidentining 2011 yil 5 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining 2-bandiga asosan O‘zbekiston fuqarosining amaldagi pasporti 2015 yil 31 dekabrgacha haqiqiy hisoblanadi. Shu sababli abiturientlar bu yil ham avvalgi ko‘rinishda berilgan pasportlar orqali hujjat topshira oladilar.