DTM saytida hujjat topshirgan abiturientlar soni haqida onlayn ma’lumot
2015/2016 o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari ketmoqda. Joriy yilda bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi bo‘limlarga umumiy qabul kvotasi 57907, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 19120 va to‘lov-kontrakt asosida 38787 nafar miqdorida belgilangan.
4 iyul kuni DTM saytida abiturientlar uchun maxsus sahifa ishga tushdi. Mazkur sahifada OTMlarga hujjat topshirayotgan abiturientlarning soni real vaqtda nechta bo‘lganligini kuzatish mumkin. Bu haqda xushnudbek.uz sayti xabar berdi.
Shuningdek, ushbu sahifada respublikadagi barcha OTMlarning yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari ham ko‘rsatilgan.
Ushbu xabar kiritilayotgan vaqtda hujjat topshirgan abiturientlar soni butun respublika bo‘ylab, 48 687 nafarni tashkil qilmoqda.
Hozircha respublika bo‘yicha Termiz davlat universtetiga eng ko‘p, 3253 nafar abiturient hujjat topshirgan.
Aytib o‘tish joizki, o‘tgan yili hujjat topshirgan abiturientlar soni bo‘yicha rekord natija qayd etilgan edi. Ya’ni 540 ming nafardan ko‘proq abiturient talabalik baxtiga musharraf bo‘lish uchun o‘z omadini sinab ko‘rishga ahd qilgan edi. Bu bir o‘rin uchun o‘rtacha 9,4 kishi da’vogarlik qilgan deganidir.