O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan 2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab abiturientlarga oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish huquqi berildi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabariga ko‘ra, 2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.
Abiturientning test sinovidan to‘plagan ballari haqidagi ma’lumotni test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi esa test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Qarorga muvofiq, 2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab, davlat OTMlariga bakalavriatga o‘qishga kirish uchun abiturientlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishadi.
«Shuningdek, test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abiturientlardan (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etishi uchun EKIH yarim baravari (101 ming 365 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.
2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki bo‘limga ajratib, birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi, ikkinchi bo‘limga abiturient tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritiladi», deyiladi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasida birinchi urinishda o‘qishga kirolmay qolgan abiturientlar ikkinchi va keyingi yillarda o‘qishga topshirish uchun eng kam ish haqining 1 barobari (202 ming 730 so‘m) miqdorida to‘lov to‘lashi, birinchi yili o‘qishga topshirayotganlar uchun hujjat topshirish bepul bo‘lishi ko‘rsatilgandi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki bo‘limga ajratiladi.
Birinchi bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy bo‘lgan quyidagi uchta fan kiritiladi:
ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili);
matematika;
O‘zbekiston tarixi.
Ikkinchi bo‘limga abiturient tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritiladi.