Test imtihonlarida turli qing‘ir va jinoyatkorona yo‘llar bilan bolalar o‘qishga qabul qilinayotgani, bu holatlarga oliy o‘quv yurti mutasaddilari va hattoki rahbarlari bosh-qosh bo‘layotgan «rektor guruhi», shuningdek, «zaychiklar», «parovoz» va kabi illatlar haqida oldin ham yozgan edik.
Test imtihonlari oldidan bir qator oliy o‘quv yurtlari rahbarlari tomonidan TVda chiqishlar qilinib, joriy yildagi test sinovlari halol va shaffof o‘tishini ta’kidlashgan edi. Bu borada Toshkent davlat yuridik universitetda amaliy qadam tashlanib, sinovlarning O‘zEkspoMarkazda tashkil etilgani, test sinovlariga abiturientlar qattiq tekshirib kiritilganidan barcha voqif etib turildi.
Lekin keyingi kunlarda ma’lum bo‘lyaptiki, poytaxtimizdagi eng nufuzli iqtisodiy-moliyaviy ta’lim sohasidagi o‘quv yurtlari — Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutining ayrim fakultetlarida qabul yakunlarini halol o‘tgan, deyishga to‘liq asos yo‘q.
Xususan, kimlardir tarafidan tashkil etilgan maxsus guruhlarga yordam ko‘rsatilgani, yoki o‘sha guruhlargagina iqtidorli bolalar to‘planib qolgani va kimdir ana shunday guruhlarni avvaldan nopok va noxolis niyatlarda tashkil etgani shubha qilinmoqda.
Keyingi kunlarda ko‘p takrorlanayotgan «Rektor guruhi» deb aytilayotgan guruh nima o‘zi? Keling, vaziyatdan boxabar bo‘lish uchun nomini oshkor etmagan ekspertning bu boradagi fikrlari bilan tanishsak:
«Bu juda eski sxema. «Moliya» va «Narxoz»da azaldan ishlaydi faqat.
1. Bunda yopiq guruhlar tashkil qilinadi. Unga hamma ham hujjat topshira olmaydi. Bu yo‘nalishga hujjat olinishi haqidagi e’lon qabul komissiyasi oldidagi reklama bannerlaridan ham olib tashlanadi. Bu yo‘nalishga topshirmoqchi bo‘lsangiz, «bunaqa yo‘nalish yo‘q, falonga topshir» deyishadi. Mabodo, huquqingizni talab qilsangiz va «borku yo‘nalish» deb talashsangiz, «mayli», deb ariza olishadi, lekin sizni «texnik xatolik» bilan baribir boshqa yo‘nalishga tiqib qo‘yishadi.
2. Davlat test markazi rasmiy saytida abiturientlar soni onlayn ravishda ko‘rsatilishni boshlagandan keyin, shubha qoldirmaslik uchun, bunday yo‘nalishga atayin soxta abiturientlar olib kelib hujjatlari topshirtiriladi. Turli joylardan, kirishi lozim bo‘lgan abiturientning tanish-bilishlaridan rosa odam yig‘ib kelishadi. Test sinovlari vaqtida ular shunchaki fon bo‘lib turib berishadi.
3. Fondagilar imtihon kuni tavakkal yechadi yoki har ehtimolga qarshi hech narsaga tegmaslik buyuriladi. Eng keng tarqalgan usul — faqat bitta harfni belgilab chiqish. Shunda aniq yig‘ilgan ko‘p ball bo‘lib ketmaydi, maksimum 70–80 ball atrofida bo‘ladi. Ana shuning uchun qabul kvotasidan keyingi ballarda darhol juda katta farq ko‘zga tashlanadi.
4. Oldindan o‘qishga kirishi kelishgan abiturentlarning variantlarini esa domlalar yoki o‘qishga kirishni niyat qilmagan bilimliroq «abiturientlar» yechib beradi. Qarabsizki, soatday bir tekis ishlaydi mexanizm. Hamma kiradi.
Bor gap shu».
Bugun Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — xalq tilida «Narxoz» deb ataluvchi oliy o‘quv yurtining bir qator fakultetlarida maxsus guruhlar ishlagani haqidagi materiallar saytimizda ilgariroq yoritilgan edi.
Endi tahririyatimizga Toshkent moliya institutida ham ayrim ta’lim yo‘nalishlarida maxsus guruh ishlagani borasida gumon uyg‘otuvchi ma’lumotlar kelib tushdi.
O‘zbek tilidagi «Baholash ishi» ta’lim yo‘nalishiga 5ta davlat granti, 35ta to‘lov shartnoma asosida jami 40ta abiturient qabul qilinishi belgilangan. To‘lov-shartnoma asosida kirish balli 130,8 ballni tashkil etgan. «Yiqilgan» abiturientlarning birinchisi 129,8 ball olgan. Ikkinchisi 96,2 ball. Farq — 33,6 ball. Yuqorida tilga olib o‘tilgan tendendensiyaga ko‘ra, «begonalar»dan ham kimdir bir kishi o‘tgan.
Ushbu yo‘nalishda o‘qishga qabul qilingan abiturientlarning javob varaqasi raqamlariga e’tibor qilamiz:
7543123 dan 7543136 gacha ketma-ket — jami 12 kishi (jumladan, «yiqilgan» birinchi abiturient javoblar varaqasi raqami 7543129 ham shuning ichida)
7684200 dan 7684227 gacha ketma-ket — jami 28 kishi.
Begona raqam — 7274611 raqamli javoblar varaqasi egasi 20-o‘rinda o‘qishga qabul qilingan.
Rus tilidagi «Sug‘urta ishi» yo‘nalishiga davlat granti asosida 1 kishi, to‘lov-shartnomasi asosida 19 kishi o‘qishga qabul qilingan. O‘qishga qabul qilingan so‘nggi abiturient va «yiqilgan» birinchi abiturient ballari orasidagi farq 20,1 ballni tashkil etmoqda.
Ushbu yo‘nalishda o‘qishga qabul qilingan abiturientlarning javob varaqasi raqamlariga e’tibor qilamiz:
7542941 dan 7542945 gacha ketma-ket — 5 kishi;
7543001 dan 7543013 gacha ketma-ket — 13 kishi, jami 18 kishiga bir guruhda yordam qilingan.
7542978 va 7543020 kabi ikki javob varaqasi egasi o‘z kuchi bilan kirgan abiturientlar boshqa guruhda bo‘lishgan.
O‘zbek tilidagi «Kasbiy ta’lim: moliya» yo‘nalishida 1ta davlat granti, 14ta to‘lov-shartnoma asosida jami 15ta talaba qabul qilinishi belgilangan.
O‘qishga qabul qilingan abiturientlarning javob varaqasi raqamlariga e’tibor qilsak, 7683648 dan 7683662 gacha bo‘lgan ketma ketlikda 15ta talaba qabul qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Ya’ni guruhdan tashqaridagilarda mutlaqo imkoniyat bo‘lmagan.
Institutning aksariyat fakultetlarida 2017 yilgi qabul vaqtida konkurslar yuqori — 1 o‘ringa 7 abiturient kurashganiga qaramasdan, tilga olib o‘tilgan ta’lim yo‘nalishlarida konkurslar juda oz. Boz ustiga, bir guruhda o‘tirgan abiturientlar kirishgan. Bu nimadan dalolat beradi?
Xullas, kasalni yashirsang — isitmasi oshkor qiladi, deb qo‘yishgan!
Qonunlar hurmat qilinadigan, huquqiy-demokratik davlatda, albatta, bu juda katta shov-shuv keltirib chiqaradigan, katta rezonansli voqea bo‘ladi: mutasaddilar OAV orqali tushuntirish beradi, shu narsaga yo‘l qo‘ygan mutasaddilar qonunchilikka ko‘ra jazoga tortiladi. Faqatgina korrupsiya botqog‘iga botgan ayrim davlatlarda bu qing‘irlikni amalga oshirganlar himoya ostiga olinib, bunday jirkanch holatni oshkor etgan fuqarolar va jurnalistlar ta’qib ostiga olinadi. Aniq ishonamanki, biz aynan birinchi turga mansub, huquqiy-demokratik davlatmiz.
O‘qishga bu taxlit kirgan abiturientlar kelajakda qanday mutaxassis bo‘lib yetishishi, xalq xo‘jaligi, mamlakatimiz iqtisodiyotiga nechog‘lik foyda keltiradigan kadrlar bo‘lishi haqidagi savolning javobi aniq, endi.
Keling, xususiy holni ko‘rib chiqaylik. Bunday maxsus guruhlar tuzish yo‘li bilan jami 75 nafar abiturient qabul qilingan ta’lim yo‘nalishlarida tekshiruvlar o‘tkazilsa va talabalar qing‘ir yo‘llar bilan kirgani ma’lum bo‘lsa nima qilish mumkin? Albatta, test natijalari umuman bekor qilinib, talabalarni o‘qishga qabul qilmaslik kerak. 75 nafar abiturientning bilimini tekshirib ko‘rish juda qiyin ish emas. Abiturientlarga tushgan test savollari javoblarsiz berib tekshirib ko‘rilsa — kifoya. Vaziyat oydinlashadi-qoladi. Chunki o‘qishga tayyorlanib, o‘z kuchi bilan kirgan abiturient o‘tgan bir oy ichida olgan bilimlarini unutib qo‘yishi mumkin emas.
Bu yerdan korrupsiyaning isi kelmoqda. Faqat shu yo‘l bilan pora bergan ham, pora olgan ham jazolanishi mumkin. Chunki test natijalari bekor qilinsa — oldi-berdi qilgan odamlarning o‘zi «tomosha»ni davom ettirib berishadi... Pul jigardan yaralgan axir!
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz jurnalisti.