Kecha, AQShning Luiziana va Missisipi shtatlarida tornadoning “hujumi” kuzatildi. Tornado bilan birga kelgan bo‘ron o‘nlab uylarni vayronaga aylantirdi. Bu haqda “Vistanews.ru” nashri ma’lumot bermoqda.
Tarnadoning yopirilishi natijasida 30 kishi turli tan jarohatlarini olgan, 3 kishi vafot etgan. Mashina qatnaydigan yo‘llar berkilgan. Shtatning ko‘plab qismlarida elektr toki uzilgan. Buning oqibatida 30 ming kishi elektr energiyasiz qolgan. Tornado yaqinlashayotgani haqida xabar topgan odamlar oila a’zolari bilan o‘z uylarini tark etishgan.
Shtatlardagi ba’zi binolar qisman, ba’zilari esa butunlay vayron bo‘lgan. Hukumat uylari vayronaga aylangan fuqarolarga boshpana berish va ularga tibbiy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanmoqda.
Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida o‘quv dargohlaridagi darslar bekor qilingan, maktabgacha ta’lim muassasalari o‘z ishini bir necha kunga to‘xtatgan. Ayni damda tornado keltirgan moddiy zarar yuzasidan ma’lumot berilmagan.
AQSh meteorologiya xizmati xodimlari tornado va bo‘ron bugun, 24 fevral kuni ham kuzatilishi mumkin deb ogohlantirishmoqda.