AQSh xalqi hayotida yana fojia yuz berdi. Ikki qurollangan shaxs 14 kishining umriga zomin bo‘ldi.
Kecha Kaliforniya shtatining San Bernandino shahrida o‘tochar qurol bilan qurollangan noma’lum shaxslar shahardagi ijtimoiy xizmatlar markaziga bostirib kirib, 14 kishini otib tashlashdi. Qotillarni tutish bo‘yicha harakatlar davomida polisiyachilar va jinoyatchilar o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan. Otishma chog‘ida gumon qilinayotgan 2 shaxs o‘ldirilgan. Ulardan biri ayol, ikkinchisi erkak kishi bo‘lgan, deya xabar beradi USA Today rasmiy doira vakillarining so‘zlariga havola qilib.
Shahar polisiya xizmati boshlig‘i Jerrod Burjuan (Jarrod Burguan)ning so‘zlariga ko‘ra, qotillar ijtimoiy xizmatlar binosining kutish zaliga kirib borib, u yerdagi odamlarga qarata o‘t ochgan va voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan. Keyinchalik, polisiyachilar jinoyatchilarning orqasidan ta’qibni boshlashgan.
“Bir ayol va bir erkak kishi operatsiya davomida otib o‘ldirildi. Qotillar harbiy kiyimda bo‘lishgan va soyli miltiq va qo‘l to‘pponchalari bilan qurollangan edilar. Otishma mahali hamkasblarimizdan biri jarohatlandi, ammo jarohat xavfli emas. Shuningdek, uchinchi gumondor ham mavjud bo‘lgan, ta’qib davomida uni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘ldik”, – deydi polisiya boshlig‘i. U fikrini davom ettirib, qo‘lga olingan gumondorning haqiqatan ham ommaviy xunrezlikka aloqadorligi tasdiqlanmaganligi, undan boshqa jinoyatchilar ham mavjud bo‘lishi ehtimoli borligi hamda Los- Anjelesning 60 milgacha janubdagi hududlarida qidiruv ishlari olib borilayotganligi haqida ham aytib o‘tdi.
Burjuanning ma’lumotlariga ko‘ra, ommaviy qirg‘in chog‘ida 14 kishi o‘ldirilgan, 17 tasi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bu mamlakat tarixidagi 2012 yil dekabrdagi voqealardan keyin sodir bo‘lgan eng qonli fojialardan biri bo‘ldi. O‘shanda Konnektikut shtatining Nyutaun (Newtown) shahrida 26 kishi o‘ldirilgan edi.
Polisiya olib borgan qidiruvlar davomida bino ichidan ishlamay qolgan portlovchi qurilma topilgan. Mazkur jinoyatning sabablari hali aniqlangani yo‘q. Bino atrofi tartibni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qurshab olingan.
Guvohi bo‘lganlarning aytishicha, qotillar uzun miltiqlar bilan qurollangan, yuzlariga niqob kiyib olgan harbiy kiyimdagi shaxslar bo‘lishgan.
Keyinroq, qotillardan birining ismi Said Faruk (Syed Farook) bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi. U Kaliforniyaning Redlendc (Redlands) rayonida ikki xonali uyda 6 oy davomida istiqomat qilib kelgan. Uy egasi Doyl Miller (Doyle Miller)ning aytishicha, u yerda Faruk o‘z xotini va yosh farzandi bilan yashab kelgan. Yana bir yoshi keksa ayolni ham ba’zida ko‘rib turganini, lekin u Farukning yoki bolaning buvisi ekanligini aniq bilmasligini aytib o‘tdi.
Millerning fikriga ko‘ra, u Faruk bilan faqat bir marta ko‘rishgan, chunki u bilan hech qanday muammolarga duch kelmagan.
Farukning qaynag‘asi Farxan Xon (Farhan Khan) Amerika-Musulmonlar kengashi yig‘ilishida shunday dedi: “Oilamizning barcha a’zolari hayratda, bir narsa deyishga ham tilim ojiz”.
Ikkinchi jinoyatchining shaxsi hali tasdiqlangani yo‘q.
Fojiani boshidan o‘tkazganlar xunrezlikning dahshati haqida to‘xtamay gapirib berishdi. Meridit Vayrsinger (Meredith Wiresinger) ismli guvoh: “Bu nihoyatda dahshatli edi. Bunday voqealar haqida OAVda eshitish boshqa, uni boshdan kechirish tamoman boshqa ekan”, – deydi.
Kaliforniya hukumati vakili Jerri Braun (Jerry Brown) mazkur fojiada vafot etganlar xotirasiga shahardagi barcha bayroqlarni yarim tushirilgan holatga keltirish haqida buyruq berdi.
Dahshatli xunrezliklar va uning tafsilotlari haqida Prezident ma’muriyatiga ham xabar berildi. Oq uyning rasmiy vakillaridan biri shahar aholisiga o‘z hamdardligini bildirib, xavfsizlikka javobgar idoralar vakillarini tekshiruvlarni bir daqiqa ham to‘xtatmaslikka chaqirdi. Barak Obamaning o‘zi CBS Newsga bergan intervyusida shunday so‘zlarni aytib o‘tdi: “Fojianing sodir bo‘lish sabablari haqida hali ko‘p savollar javobsiz qolmoqda. AQShda bunga o‘xshagan voqealar, afsuski, doimiy xarakterga aylanib qolmoqda, vaholanki boshqa hech bir davlatda bu kabi hodisalar bunchalik tez-tez sodir bo‘lmaydi. Qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanuvchi idoralar bunday fojealarga qarshi javob choralarini kuchaytirishga xizmat qiluvchi qonun loyihalarini ishlab chiqish harakatlarini faollashtirishi kerak”.