AQShda musulmonlarga nisbatan jinoyatlar soni keskin ortdi
Parij voqealari va San-Bernardinodagi teraktlar natijasida so‘nggi bir oyda amerikalik musulmonlarga nisbatan sodir etilayotgan jinoyatlar soni uch barobarga ortdi, deb yozmoqdaThe New York Times gazetasi Kaliforniya Universiteti mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqot natijalariga asoslangan holda.
Nafratga asoslangan bu kabi jinoyatlar hijobdagi talaba-qizlarga hujum qilish, masjidlarga o‘t qo‘yish va vandalizm, musulmonlarga tegishli kompaniyalarga tahdidlarni o‘z ichiga oladi. AQSh prezidenti Barak Obama va huquq himoyachilari mamlakatda, ayniqsa Kaliforniya shtatida aksilmusulmon kayfiyatining ortib borayotganidan ogohlantirgan edi. Biroq tahlillar bu kabi kayfiyat amerikalik siyosatchilar o‘rtasida ham tarqalayotganini ko‘rsatmoqda.
FRB ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda har oyda o‘rtacha 12 marotaba islom diniga e’tiqod qiluvchilarga qaratilgan jinoyat sodir etilayotgan edi. O‘tgan bir oy muddat ichida esa mazkur ko‘rsatkich 36 marotabaga ortgan. Jumladan, polisiya San-Bernardinodagi hujumlardan so‘ng musulmonlarga uyushtirilgan 18ta hujumni qayd etdi. Kriminolog Brayan Levin esa vaziyat 2001 yilning 11 sentyabriga qaraganda ancha yumshoq ekanini, o‘sha paytda yuzlab musulmonlarga nisbatan xurujlar uyushtirilganini esga olib o‘tdi.
Bundan avvalroq esa AQShda Erik Feyt ismli 57 yoshli erkak musulmonlarni o‘ldirish uchun ko‘chma rentgen qurilmasi yaratishda yordam bergani uchun 8 yillik qamoq jazosiga tortilgani haqida xabar qilingan edi.