AQSh Yamanda “Al Qoida”ga qarshi kurashni to‘xtatib qo‘ydi
AQSh Yamanda “Al Qoida” terroristik guruhiga qarshi maxsus operatsiyalar o‘tkazishni to‘xtatdi, deya xabar bermoqda The Washington Post. Mamlakat prezidenti Abdu Rabbo Mansur Hodiy iste’fo berganidan so‘ng Vashington bunday qarorga keldi.
Nashr xabariga ko‘ra, amerikaliklarni axborot bilan ta’minlovchi Yaman maxsus xizmatlari endi shialarning xusiylar harakati vakillari nazorati ostiga o‘tgan. “Biz ular bilan hamkorlikni boshqa davom ettirolmaymiz”, — dedi yuqori mansabdorlardan biri.
O‘z navbatida Oq uy vakili Josh Ernest AQShning Yamanda aksilterrorchilik faoliyatini bundan keyin ham davom ettirish niyatini ma’lum qildi. “Menda strategiya o‘zgarishi to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘q”, — dedi u.