Bugun valyuta-konvertatsiya sohasida islohotlar amalga oshirilishi jarayoni tezlashib, aholi valyutani erkin sotmoqda hamda valyutani xalqaro to‘lov kartochkalariga istagan miqdorda sotib olmoqda.
Valyuta kursining islohotlar boshlanganidagi qariyb bir oylik pasayish davri o‘z nihoyasiga yetib, oktabr oyining o‘rtalaridan boshlab Markaziy bank kursi (8069,61 so‘m) va Valyuta birjasida kursning (8084 so‘m) ko‘tarilishi kuzatilmoqda.
6 sentyabrdan boshlab valyuta birjasidagi savdolarda AQSh dollari kursining uzluksiz pasayishi kuzatilgan edi, biroq 17 oktabr kunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatini ma’lum qilib, AQSh dollarining kursi (8058,77 so‘m) oshganini ma’lum qilgan edi.
Valyuta birjasida valyutani sotish taklifi sezilarli darajada ortgani sababli AQSh dollarining kursi tushgan edi. Fuqarolar va eksportchilar valyutani sotdi. Oktabr oyidan boshlab esa AQSh dollarining kursi ko‘tarilishda davom etmoqda. Buni valyuta sotib olish uchun o‘z mablag‘larini yo‘naltirgan importchilar ehtiyojining ortganida deya baholash mumkin.
Bu ketishda (taxminlarga ko‘ra) kurs dastlab o‘rnatilgan 8100 lik marradan ham o‘tishi turgan gap. Naqd xorijiy valyutani sotishning yo‘lga qo‘yilishi esa ushbu vaziyatni normallashtirishi mumkin.