Xonandalarga bepul lisenziya berish tizimi joriy qilinyapti
Endi qaysi xonanda "O‘zbekkonsert" davlat muassasasidan imtiyozli lisenziya olishini ham xalq belgilaydi.
"O‘zbekkonsert" davlat muassasasi tomonidan yangi loyiha yo‘lga qo‘yilmoqda. Unga ko‘ra xonandalar respublikaning turli hududlaridagi madaniyat va istirohat bog‘larida har haftaning shanba va yakshanba kunlari bo‘lib o‘tadigan sayillarda ishtirok etib, jonli ijroda qo‘shiq kuylaydilar. Ijro, sahna madaniyati tomoshabinlarni qoniqtirsa, ya’ni ular qarsaklar bilan olqishlab, qo‘llab-quvvatlasalar o‘sha xonandaga bir yillik lisenziya bepul beriladi.
Albatta, ushbu loyihada ishtirok etish ixtiyoriy. "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi bosh direktori Odiljon Abduqahhorovning “Qalampir.uz” bilan suhbatda ta’kidlashicha, ayni damda respublika tumanlaridagi madaniyat va istirohat bog‘larida o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Tadbirlarda muassasaning hududiy bo‘limlari mutaxassislari ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Xonandalar tomonidan taqdim etiladigan mini konsert va ular tomonidan jonli ijroda kuylanadigan qo‘shiqlarni bog‘larga yig‘ilgan tomoshabinlar qanday kutib olayotgani video tasmasiga yozib olinadi.
Ushbu loyiha shartiga ko‘ra, hozircha har bir xonanda bitta istirohat bog‘ida qo‘shiq kuylashi kerakligi rejalashtirilgan.
Tez kunda istirohat bog‘lari atrofida xonandalarning uzun navbatiga duch kelsak, ajab emas. Boisi bu kichik mehnatni "O‘zbekkonsert" DM quruq qo‘ymaydi, falon millionlik lisenziyani tekinga tortiq etadi. Xo‘sh, jonli ijroda qo‘shiq kuylab, xalqning haqli bahosini olishga tayyorlar bormikin?