Turkiyadagi shaharga Suriyadan raketalar kelib tushdi. Qurbonlar bor
Turkiyaning Karkamish shahri(Gaziantep viloyati)ga Suriya shimolidan beshta raketa kelib tushdi, deb xabar bermoqda CNN Turk mintaqa gubernatori Dovut Gulga tayanib.Raketalar maktab va yuk mashinasi ustiga qulagan, uylar va bog‘lar ham zarar ko‘rgan. Gubernatorning aytishicha ikki kishi halok bo‘lgan, olti kishi jarohatlangan. Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu uch nafar, jumladan bir bola va bir o‘qituvchi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Haberturk xabariga ko‘ra, raketalar Turkiyada terrorchi deb tan olingan kurd “Xalq himoyasi ortryadlari” va “Kurdiston ishchilar partiyasi” tomonidan uchirilgan.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Indoneziyadagi G20 sammitidan qaytgach, Suriya shimoli va Iroqdagi kurd tuzilmalariga qarshi “Tirnoq-qilich” operatsiyasini o‘tkazishga buyruq bergandi.
20-noyabr kuni ertalab Anqara Iroq va Suriya shimolidagi kurdlar tomonidan nazorat qilinadigan hududlarga zarba bergani, chunki bu hududlardan “terrorchilar Turkiyaga qarshi hujumlarda baza sifatida foydalangan”i haqida e’lon qildi. Operatsiyaga 50 dan ortiq samolyot va 20 ta dron jalb qilingan.
Turkiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, operatsiyada 89 ta nishon, jumladan, boshpana va o‘q-dorilar ombori yo‘q qilingan, shuningdek, “terror tashkilot yetakchilari ham zararsizlantirilgan”.
21-noyabr kuni Erdo‘g‘on Turkiyaning Suriya va Iroqdagi amaliyoti aviazarbalar bilan cheklanib qolmasligini, Mudofaa vazirligi va Bosh shtab quruqlikdagi qo‘shinlarning qaysi kontingentini jalb qilish zarurligini ko‘rib chiqayotganini aytdi.
Turkiya kurdlarni Istanbuldagi teraktni uyushtirganlikda ayblamoqda. 13-noyabr kuni shaharning mashhur piyodalar ko‘chalaridan biri – Istiqlolda portlash sodir bo‘lgan edi, oqibatda olti kishi halok bo‘ldi, kamida 81 kishi jarohatlandi.