Turkiya armiyasining tank bo‘linmalari Suriya chegarasini kesib o‘tdi va IShID terrorchi tashkiloti jangarilari joylashgan hududlarga zarba bera boshladi. Tanklardan tashqari, xalqaro koalisiya aviatsiyasi ham mazkur operatsiyaga yordam beradi. Bu haqda “Anadolu” xabar bermoqda.
Nashrning yozishicha, 15ga yaqin tank Jarablus shahri tomon harakatlanmoqda. Zirhli texnikalar Suriya sarhadlarini kesib o‘tishdan oldin, mazkur chegaraga yaqin shahardagi IShID makonlariga bir qancha zarbalar berildi.
Turkiya armiyasining Suriyaga kirishiga, kecha, 23 avgust kuni chegara hududlarida joylashgan G‘oziantep va Kilis shaharlariga mazkur arab davlati hududidan ketma-ket bombalar kelib tushgani sabab bo‘ldi. So‘nggi paytlarda, Turkiyaning Suriya bilan chegara hududlari xavfsizligiga tahdidlar ko‘payib borayotgan edi. Anqara Jarablusni IShID jangarilaridan tozalash uchun Suriya muxolifat kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun “Frot qalqoni” operatsiyasini boshladi.
Shu paytgacha, Turkiya Suriya bilan chegarada o‘rnashib olgan terrorchilarga o‘z hududidan zarbalar berib kelayotgan edi.