Toshkentda telefonlar uchun quyoshdan zaryadlash qurilmasi taqdim etildi
Toshkentda o‘tkazilgan VII Innovatsion g‘oyalar,
texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida poytaxtimizdagi Solar
Energy Products kompaniyasi mobil telefonlar uchun quyoshdan
zaryad oluvchi qurilmani taqdim etdi. Bu haqda ICTNews xabar berdi.
"Yetti voltli quvvatga ega telefonlar uchun qurilma hozirda
faqat Nokia rusumli telefonlarni zaryad qilishga mo‘ljallangan. Shu
bilan birga biz USB orqali har qanday modeldagi telefonlarga quvvat beradigan
funksiyani tadbiq etishni rejalashtirmoqdamiz. Quyoshdan zaryad oluvchi
qurilmaning quvvati qariyb 3 Vattni tashkil etadi”, — deydi kompaniya
texnigi Rene Fatkullayev.
Telefon quvvat olishi uchun uni qurilmaga ulab, quyosh nuri
to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadigan joyga qo‘yish kerak. Qurilmaning taxminiy
narxi 50 000 so‘mdan iborat. Uni hozirda faqat kompaniya ofisidan xarid qilish
mumkin.
Solar Energy Products kompaniyasi qurilmani ishlab chiqarish
loyihasi ustida deyarli bir yildan beri shug‘ullanmoqda. Keyinchalik
ushbu qurilmani eksport qilish ham rejalashtirilmoqda.