O‘g‘irlangan iPhone o‘zining yangi egasini sotib qo‘ydi
Avval ishlatilgan, ayniqsa, o‘g‘irlangan iPhone’lar yangi xo‘jayinlarining fotosuratlarini iCloud’ga yoki ijtimoiy tarmoqlarga chiqarib yuborib, ularni “sotib qo‘yishi” bilan bog‘liq vaziyatlar ko‘p kuzatilgan, deb yozadi “Mail.ru”.
Shunday hodisa navbatdagi marta sodir bo‘ldi. 33 yoshli avstraliyalik ayol Nikol Sheltonning sumkasi va uning ichidagi barcha narsalarni, jumladan telefonini ham o‘g‘irlab ketishganidan so‘ng, u taqdirga tan berib, yangi iPhone sotib oldi.
Biroq bir kuni o‘zining Facebook’dagi sahifasida notanish erkakning surati paydo bo‘ldi. Ayol gap nimadaligini tushunib, foydalanuvchilardan ushbu fotosuratni repost qilishni so‘radi. U suratga “shiringina” izoh yozib qo‘yishni ham unutmadi. Bir necha soat ichida repostlar soni 20 mingdan ham oshib ketdi.
Kutilmaganda fotosuratdagi yigit topilib qoldi. U Nikolning e-meyliga xat yozib, uzr so‘radi va iPhone’ni boshqa odamdan sotib olganini, devays o‘g‘irlanganini bilmaganini aytdi. Smartfon politsiya orqali qonuniy egasiga topshirildi.