AQSh Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) hujjatlarida
birovlarning iPhone smartfonlariga to‘la kirishni ta’minlovchi dastur haqida
qayd topilgan. Apple esa, MXA bilan hech qanday hamkorlik olib bormaganligini
ilgari surmoqda. Bu xususda Germaniyaning Der Spiegel gazetasi e’lon qilgan
ma’lumotlarga asoslangan holda tjournal.ru xabar qilmoqda.
Gazeta MXA qo‘lida bo‘lgan, josuslikda ishlatiladigan
dasturlar va texnik qurilmalar haqida ma’lumotlarni e’lon qilgan. Slaydlardan
birida iPhone ichidagi barcha ma’lumotlarni ola biladigan DROPOUTJEEP dasturi
haqida so‘z boradi.
DROPOUTJEEP mobil qurilmaga o‘rnatiladi va uzoqdan turib
unda bir qancha amallarni bajarish imkonini beradi: smartfondagi fayllarni
olish yoki unga uzatish; SMS-xabarlarni, kontaktlar ro‘yxatini, ovozli pochta
yozuvlarini yuklab olish; shuningdek, iPhone joylashgan manzilni, mikrofondagi
ovozni, kameradagi tasvirni va boshqa ma’lumotlarni olish. Boshqaruv esa maxfiy
tarzda, SMS-xabar yoki GPRS-aloqa orqali amalga oshiriladi.
Mazkur dastur haqidagi slayd 2008-yil yanvar oyiga tegishli;
ayni shu davrda Apple smartfonlarining eng birinchi versiyalari endigina
sotuvga chiqarilgan edi. Dastur tavsifida, uning keyingi versiyalarida
masofadan turib o‘rnatish imkoni bo‘lishi aytilgan.
MXA tasdiqlashicha, u iOS bazasidagi qurilmaga josuslik
dasturlarini yuz foiz o‘rnata oladi. Shundan kelib chiqqan holda, mashhur xaker
va Tor anonim tarmog‘i asoschilaridan biri – Yakob Appelbaum ham, Apple maxsus
xizmatlar bilan hamkorlik qilishi mumkinligini e’lon qilgan.
All Things Digital xabariga ko‘ra, 31-dekabrda Apple, o‘z
mahsulotlarida, jumladan, iPhone’larda "qora kodlar” yaratish borasida MXA
bilan hamkorlik qilishini rad etgan. Kompaniya, MXA hujjatlarida tilga olingan
dastur haqida hech nima bilmasligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh maxsus xizmatlari millionlab
xorijlik fuqarolar va davlat rahbarlarini nazorat qilib kelganliklari, telefon
muloqotlarini kuzatib borganliklari haqida ham xabar bergan edik.
Manba:daryo.uz