Yaponiya gazetasi 5,5 dyuymli iPhone haqida xabar berdi
Apple kompaniyasi xalqaro bozorga o‘zining yangi iPhone
smartfonini 2014-yilning sentabrida chiqaradi. Bu haqda 28-mart kuni Yaponiyaning yetakchi
gazetalaridan Nikkei xabar bergan, deb yozadi Agence France-Presse.
Nikkei gazetasining yozishicha, iPhone 6 deb nomlanuvchi
smartfon ikki xil – 4,7 va 5,5 dyuymlik versiyada taqdim etiladi. Apple
kompaniyasi Yaponiyaning Sharp va Japan Display, shuningdek, Janubiy Koreyaning
LG Display kompaniyalariga o‘zining yangi iPhone qurilmalari uchun aynan
shunday o‘lchamlardagi suyuq kristalli ekranlar tayyorlashga buyurtma bergan. Apple smartfonlarining hozirda
bozorga chiqarilgan oxirgi modeli esa 4 dyuymlik ekran bilan jihozlangan.
Avvalroq
Tayvan ommaviy axborot vositalari xabar berishlaricha, Apple Taiwan
Semiconductor Manufacturing Co. korxonasiga yangi smartfoni uchun mikrosxemalar
ishlab chiqarishga buyurtma bergan.
Nikkei’da
bu xabar chiqqanidan keyin, 28-mart tongidanoq Yaponiya birjasida Sharp
aksiyalari narxi 1,96 foizga oshgan. Kompaniyaning o‘zi esa Apple bilan
hamkorligi borasidagi xabarlarga biron izoh bermagan. Odatda, yangi
mahsulotining rasmiy taqdimoti o‘tkazilguniga qadar Apple u haqda biron
ma’lumot bermaydi.