Toshkentda qalbaki zargarlik buyumlari sotuvchisi qo‘lga olindi
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida qalbaki zargarlik buyumlarini tilla buyumlar deb mijozlarni aldab kelgan ayol qo‘lga olindi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.
Aytilishicha, 30lardan oshgan Umida ismli ayol soxta zargarlik buyumlarini cho‘ntakka solgancha ko‘chalarda o‘lja qidirgan va barchani bir xil usulda aldagan: notanish insonlarni to‘xtatib, bolasi yoki biror qarindoshi kasal bo‘lib qolganini aytib, arzon narxda tilla buyumlarini sotib olishni taklif qilgan. Shu yo‘l bilan u Zafar ismli kirakashdan 1.4 mln so‘m, Zuhra va Farzona ismli ayollardan esa 1.2 mln so‘mdan olgan.
Ammo bir kuni kirakash yigit ayolni ko‘chada ko‘rib qolgan va tegishli idoralar xodimlariga axborot bergan. Umida qo‘lga olinib, tergov qilingan. Uning ishini ko‘rib chiqqan sud firibgarga tegishli jazoni tayinladi.