Toshkent viloyat Nazorat-taftish boshqarmasining Davlat byudjetining g‘azna ijrosini nazorat qilish bo‘limi xodimi Damir Boboyev mansabini suiiste’mol qilib, poraxo‘rlik qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
Aytilishicha, u boshlig‘ining buyrug‘iga asosan Qibray tumanidagi Chingeldi qishloq vrachlik punktining 2007-2015 yillardagi xarajatlar smetasi tuzilishini hamda uning ijrosini, shuningdek, byudjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan hujjatli taftish o‘tkazish uchun borgan. U muassasa mudirasini “jiddiy” tekshirsa, xato ko‘p chiqishini, bu esa kamida 40 mln so‘m jarima ekanligini aytib, qo‘rqitgan va undan pul tama qilgan.
Uning harakatlari noqonuniyligini bilgan mudira tegishli organlarga xabar bergan. Natijada Boboyev jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Sud qarori bilan Damir Boboyev 5 yilga qamoqqa olindi.