Rossiyada 2 yashar bola 5-qavatdan yiqilib, omon qoldi
Rossiyaning Yahudiylar muxtor viloyatida ikki yoshli bola beshinchi qavatdan yiqilib, tirik qoldi, deya xabar bermoqda viloyat tergov boshqarmasi sayti. Uning oyog‘i singan va boshqa joylaridan ham lat yegan.
Bolakay mustaqil ravishda balkonga chiqib, shu yerga terib qo‘yilgan g‘ishtlar ustiga ko‘tarilgan va panjaradan engashib, pastga qulagan. Ayni paytda bola shifokorlar nazorati ostida, uning hayotiga hech narsa xavf solgani yo‘q.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bola xonadonda qarovsiz qolgan. Otasi ishga ketgan, onasi alkogol iste’molidan so‘ng uyquda bo‘lgan.
Tergovchilar ushbu holat bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda. Jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi hal etilmoqda.