1-dekabrdan boshlab Rossiyada MNP xizmati amalga kiritilishi
rejalashtirilgan. Bunda telefon raqamini saqlagan holda boshqa uyali aloqa
operatoriga o‘tish mumkin bo‘ladi. Digit.ru’ning hukumat qaroriga tayanib yozishicha,
mobil aloqa operatorlari "mobil qaramlik”dan voz kechish ishlarini 1-dekabrdan
15-aprelgacha amalga oshirish kerakligi ta’kidlangan.
Rossiya Federatsiyasida "mobil qaramlik” bekor qilinib,
abonent o‘z raqamini saqlagan holda boshqa aloqa operatoriga o‘tishi imkoni
yaratilgach, telekommunikatsiya kompaniyalari ko‘p pul to‘lovchi mijozlaridan
ayrilib qolishi mumkin. Ericsson o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra,
Rossiyadagi iPhone egalarining 19 foizi o‘z aloqa operatorini tark etib, raqib
kompaniyasiga o‘tishga tayyorlar; 45 foizi o‘z operatoriga sodiq, 36 foizi esa
hali bir qarorga kelmagan, deydiKommersant.ru nashri.
Android bazasida ishlovchi smartfonlar egalari esa o‘z
operatoriga sodiqroq chiqishdi: boshqa operatorga o‘tish istagini bildirganlar
15 foizga teng. Oldingi operator xizmatidan foydalanishni davom ettiruvchilar
57, bir qarorga kelolmaganlar esa – 28 foizni tashkil etadi.
Android platformasi, butun dunyoda bo‘lganidek, Rossiyada
ham yetakchi bo‘lib, bozorning 70 foizdan ortig‘ini egallagan. Apple ulushi
atigi 8 foizga teng bo‘lsa-da, so‘rovnoma xulosalariga ko‘ra, iPhone
egalarining to‘lov qobiliyati nisbatan kattaroq. Ularning daromadi yuqori
bo‘lib, aloqa xizmatlari uchun oyiga o‘rtacha 40 AQSh dollari sarflaydi.
Android-fonlar sohiblari esa aloqa uchun bir oyda o‘rtacha 30 dollar
xarjlashadi.
Ericssonning Shimoliy Yevropa va Markaziy Osiyo bozori
bo‘yicha bosh mutaxassisi Tatyana Ledovskaya so‘zlariga ko‘ra, iPhone sohiblari
telefon ishlab chiqaruvchisi brendiga sodiq bo‘lib, aloqadagi nosozliklar uchun
telefonni emas, balki aynan operatorni ayblashga moyillar. Uning aytishicha,
so‘rovnoma davomida Rossiyaning turli hududlarida yashovchi, 15 dan 69
yoshgacha bo‘lgan 2597 nafar kishidan intervyu olingan.
Mobile Research Group yetakchi tahlilchisi Eldar
Murtazinning fikricha, Moskvada abonentlarning 20 foizi boshqa operatorga
o‘tishni istaydi, bunda ular qanday telefon ishlatayotganligi ahamiyatsiz.
"Bunda turtki beruvchi omil telefon markasi emas, balki operatorda u yoki bu
xizmatlarning yo‘qligidir”, – deydi ekspert.