Rossiyaning Rostov oblasti aloqa va axborot texnologiyalari
vaziri German Lopatkin chet el internet-servislari, xususan Google’dan
foydalanmaslikni tavsiya qilmoqda. Bu haqda TJournal nashri xabar berdi.
Vazirning fikricha, Rossiya hukumati yuborilayotgan
ma’lumotlarning himoyalanganligini nazorat qila olmasligi tufayli, xorijiy
internet-xizmatlarni xavfsiz deb bo‘lmaydi. Bu Google’ning qidiruv tizimi emas,
pochta va fayl almashuv xizmatlaridan foydalanganda, ayniqsa, keng
kuzatilishini ta’kidladi.
Lopatkin xorijiy internet-kompaniyalar servislari o‘rniga
Rossiya mahsulotlarini yoki korporativ tarmoqlarni ishlatishni tavsiya qildi. U
Donland.ru Rostov hukumat portalini xavfsiz servislardan biri sifatida namuna
qilib keltirgan.
Biroq bunga javoban, TJournal portalda jamoatchilik pochta
xizmati yo‘lga qo‘yilmagani, shuningdek, portal bosh sahifasida Rostov oblasti
hukumatining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga, jumladan Google’ga tegishli
YouTube videoservisiga linklar berilganini qayd etdi.
Manba:daryo.uz