Rossiya kompaniyasi iPhone 6’ga juda o‘xshash smartfon chiqardi
Rossiyaning “Alkotel” kompaniyasi teXet iX-maxi smartfonini chiqardi, u dizayni bo‘yicha Apple iPhone 6’ni eslatadi. Yangi model haqida ma’lumot kompaniya saytiga joylangan.
Ko‘rinish jihatidan u AQSh qurilmasiga o‘xshasa-da, texnik xususiyatlari undan ancha kuchsiz. Yangi smartfonda iPhone 6’niki kabi 4,7 dyuymli ekran o‘rnatilgan, biroq u bor-yo‘g‘i 960×540 pikseldir. Shuningdek, u 8 megapikselli asosiy va 2 megapikselli old kamera, 1,3 GGs to‘rt yadroli MediaTek MT6582 protsessori bilan jihozlangan.
Model 1 Gb tezkor, 8 Gb ichki xotiraga ega. U Android 4.4 operatsion tizimida ishlaydi. O‘lchamlari bo‘yicha ham iPhone 6’ga yaqin: 138×67×7 mm, og‘irligi 127 gramm (iPhone 6’niki 138×67×6,9 mm; 129 gramm).
Smartfon fevral o‘rtalaridan 179 dollar narxda yetkazib berila boshlaydi.