Ijtimoiy tarmoqlarning qozoq segmentida joriy yilning 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan mamlakat prezidentligi saylovi kuni noqonuniy miting va tartibsizliklarda qatnashishga chaqiriqlar tarqalmoqda. Respublika Bosh prokuraturasi fuqarolarni qonunga xilof harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantiradi. Bu haqda bugun, 18 noyabr kuni “Kazinform” axborot agentligi ma’lum qildi.
Respublika Bosh prokurori o‘rinbosari Jandos Umiraliyevning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi kuni sud tomonidan taqiqlangan tashkilotning noqonuniy mitinglar va boshqa noqonuniy xatti-harakatlarda ishtirok etishga chaqiriqlari tarqalmoqda. Huquq-tartibot organlari fuqarolarni maqsadlari terrorizm yoki zo‘ravonlik ekstremizmi bo‘lgan tashkilotlarning har qanday faoliyati taqiqlangani haqida ogohlantiradi.
Umiraliyev qonunga ko‘ra, mamlakatda bunday harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini eslatdi. Shuningdek, uning bayonotiga ko‘ra, agar chaqiriqlar davlat xavfsizligiga putur yetkazish, boshqa jinoiy harakatlar sodir etishga qaratilgan bo‘lsa, mitinglar o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Huquq-tartibot idoralari har qanday huquqbuzarliklarga chek qo‘yadi va Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligini buzgan shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan choralarni ko‘radi”, deydi Umiraliyev.
Avvalroq, 17 noyabr kuni Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari prokuratura ko‘magida yetti kishidan iborat jinoiy guruh faoliyatini to‘xtatgan edi. Ularning ommaviy tartibsizliklarni rejalashtirish va tayyorlash, davlat va huquq-tartibot idoralari binolariga, hayotni ta’minlash ob’ektlariga hujum qilish, hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish maqsadida o‘z xodimlarini qurol-yarog‘ va o‘t qo‘zg‘atuvchi aralashmalar yordamida jismoniy yo‘q qilishda ishtirok etganliklarini tasdiqlovchi hujjatli dalillar borligini ma’lum qildi.