Avvalroq, o‘zbekistonlik xonanda Jahongir Poziljonov Prezident Shavkat Mirziyoev bilan selfi tushishni targ‘ib qilib, qo‘shiq kuylab chiqqani, unga klip suratga oldirgani, mazkur klip mahalliy telekanallarda namoyish etilayotgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekistonda ro‘y berayotgan so‘nggi o‘zgarishlarni butun jahon e’tirof etmoqda. Shavkat Mirziyoev ikki yillik qisqa fursatda amalga oshirgan ulkan islohotlarni uch daqiqalik ma’nosiz qo‘shiq bilan o‘lchashning o‘zi saviyasizlik. Zotan davlat rahbarining bunday arzon reklamaga ehtiyoji yo‘q. Boisi xalq uni shundoq ham yaxshi ko‘ryapti, qo‘llab-quvvatlayapti.
Qo‘shiq va klip ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Fikr bildirayotganlarning asosiy qismi eng birinchi navbatda Poziljonovning bir vaqtlar Birinchi Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga ham yaqin bo‘lgani, uni ham shunday alqaganini xotirlamoqda.
Bloger Shahnoza To‘raxo‘jayeva ham mazkur qo‘shiqqa o‘z munosabatini bildirdi. Unda shunday deyiladi:
Jahongir Poziljonov va jamoasi o‘zbeklarni sharmanda qilyapti. Men shaxsan uning "Selfi" degan klipidan uyaldim.
Bolalarini qo‘shibdi, Prezidentni qo‘shibdi va sharmandalik marshini kuylabdi.
Bunaqa yaltoqlanish bilan nafaqat o‘zi, O‘zbekiston Prezidentining ham imijini bulg‘aydi.
Men Prezidentimizning ustidan Arkadag‘ning ustidan kulgandek kulishlarini istamayman.
Prezident imiji ― har bir fuqaroning, (mening ham) bir qismi, yuzi, nomusi, sharafi. Unga mas’uliyat bilan qarash kerak, shaxsiy ambisiyalari yo‘lida undan foydalanish ― kaltabinlik!
Uzoq yillar nashriyotlarda ishlaganman. Biron kitobga Prezidentning suratini joylashtirish uchun Prezident matbuot xizmati bilan kelishish kerak degan qoida bor.
Chunki Prezident ― shunchaki shaxs emas, davlatning yuzi. Uning qiyofasi davlat ramzlari kabi muhim.
O‘tgan yili bir aktyor o‘zi haqidagi kitobga Prezident bilan tushgan suratini kiritmoqchi edi (maqtanmoqchi edi deyaqolaylik, har narsani o‘z nomi bilan atagan durust). Prezident matbuot xizmati ruxsat bermadi (to‘g‘ri qildi!)
Nahotki, shu "selfi"ga ruxsat berishgan. Yoki bu shaxsiy tashabbusmi?
Butun dunyo O‘zbekistonga ko‘z tikib turgan pallada prezidentning qiyofasini maddohlarcha kuylangan didsiz "qo‘shiq"qa qorishtirish unga shunaqa arzongarov, "lobovoy" maqtovlar yoqadi degan yolg‘on tasavvurni tarqatish-ku bu.
Prezident chiqib tanqid qilinglar, ura-urachilik yetar deb tursa-da, bular ura-uralasa...
Men senzuraga qarshiman, ammo ahmoqlarni senzura qilib turmasa bo‘lmasakan deyapman shu tobda.