Rossiyaning Tula viloyati Begichevskiy poselkasidagi suv havzasida uch bola va ikki nafar katta yoshdagi odam cho‘kib halok bo‘ldi, deya TACC yozmoqda.
Falokat 24 iyun kkuni Moskva vaqti bilan 18:00da (Toshkent vaqti bilan 20:00) sodir bo‘ldi. Besh kishi bir paytning o‘zida cho‘kib ketdi. Bolalar suv havzasiga tushib ketib, cho‘kayotganda kattalar yordamga kelgan. Halok bo‘lganlar orasida ikki o‘g‘il bola, bir qiz, erkak va ayol bo‘lgan, deyiladi xabarda.
Cho‘kib ketganlarning to‘rt nafari bir oila a’zolari hisoblanadi, bir bola esa boshqa oila farzandi bo‘lgan.
Xabarda yozilishicha, halok bo‘lgan oila boshlig‘i 1977 yilda, uning rafiqasi 1981 yilda, o‘g‘illari 2005, qizi esa 2001 yilda tavallud topgan. Begona bola esa 2001 yilda tug‘ilgan.
Halok bo‘lganlarning tanasi suvdan olib chiqildi va falokat sabablari o‘rganilmoqda.