AQSh adliya vazirligi rubl bilan bog‘liq manipulyatsiyalarni nazoratga oldi
AQSh adliya vazirligi Rossiya milliy valyutasi – rublni u bilan bog‘liq manipulyatsiyalar tergov qilinadigan valyutalar ro‘yxatiga qo‘shdi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar bermoqda.
Ro‘yxatdan, shuningdek, Argentina pesosi va Braziliya reali o‘rin olgan. Ular bilan bog‘liq barcha shartnomalar valyuta manipulyatsiyasi bilan shug‘ullangan dunyoning eng yirik banklari o‘rtasidagi noqonuniy kelishuv haqidagi ish doirasida surishtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, may oyining oxirida JPMorgan Chase & Co., Barclays Plc, Royal Bank of Scotland Group Plc, Citigroup Inc. Va UBS AG banklari shunday kelishuvda ekanligi fosh etildi. Ular 5 mlrd dollar miqdorida jarima to‘ladi.
Shu bilan birga, ularning hech biri javobgarlikka tortilmay, hatto sud ta’qibidan immunitet oldi. Bu jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi.
Bu immunitet evaziga kelishuvdagi banklar shunday manipulyatsiyalar bilan shug‘ullanuvchi o‘zlariga raqib banklar nomini oshkor qildi. Bugungi kunda AQSh adliya vazirligi bu axborotni o‘rganib chiqmoqda. Gumondorlar orasida Deutsche Bank va Rossiyaning bir qator banklari borligi aytilmoqda.