Hukumatning 2019-yil 16-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.
“Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizom asosida hokimiyat va ‘uchar tadbirkor’lar aholi rozimi, yo‘qmi, inobatga olmagan holda, ‘hududning arxitektura qiyofasini yaxshilash’ niqobi bilan fuqarolarning uy-joylarini buzdirib, o‘zlariga foyda beradigan obyektlarni qurib, sotish bilan shug‘ullanib kelishayotgan edi.
Nizomga ko‘ra, qaysidir hududda fuqarolarning ko‘chmas mulklarini buzish hisobiga investitsiya loyihasini amalga oshirish kerak bo‘lsa, dastlab o‘sha joyning mulkdorlari bilan ochiq muhokama o‘tkazilishi kerak” — deb yozadi deputat.
Kusherbayevning ta’kidlashicha, endi nizomga o‘zgartirish kiritilib, o‘sha ochiq muhokama davomida investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan yer uchastkasida investitsiya loyihasi amalga oshirilishiga bitta mulkdor qarshi bo‘lgan taqdirda ham, mazkur hududda ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yildi.
"Bu, menimcha, fuqarolarning mulk daxlsizligini ta’minlash yo‘lidagi yaxshi amaliy qadam. Biz biznes yuritish, investitsiya oqimini kuchaytirish, eng muhimi, fuqaro va davlat o‘rtasidagi ishonchning mustahkamligida bu talab qanchalar zarur ekanligini ko‘rdik.
Endi bu kamchiliklarni kech bo‘lsa ham, to‘g‘rilab, sudsiz yoki kompensatsiyasiz mulklaridan mahrum bo‘lib, yillab sarson yurgan fuqarolar oldidagi qarzimizni qoplashimiz kerak”, — deb yozadi Rasul Kusherbayev.