Rayhon dunyodagi “salbiy o‘zgarishlar”ga qarshi qo‘shiq bilan kurashadi
Xonanda Rayhon san’atkorlar, siyosatchilardan farqli ravishda, o‘z ijodi bilan dunyodagi salbiy o‘zgarishlarga qarshi kurashishlarini, o‘zi ham bu borada ish olib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.
“Aynan shu borada yangi qo‘shiq kuylashni rejalashtirganmiz, - dedi u Shov-shov.uz saytiga bergan intervyusida. – Biz san’atkorlar siyosatchilardan farqli o‘laroq, bu borada qo‘shiq orqali qandaydir hissa qo‘shishimizga umid qilaman. Xudoga shukur, biz shunday mamlakatda yashayapmizki, farzandlarimiz osuda tun bag‘rida uxlab, kulib turgan quyosh mehri ila uyg‘onmoqda. Har bir vatandoshimiz o‘z sevimli kasbi bilan shug‘ullanib, yurt farovonligiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bunday yorqin hayot baxtdan jo‘shib kuylashga zamin yaratadi!”.
“Xalqimiz, millatimiz haqida ko‘proq kuylayman, - so‘zida davom etdi qo‘shiqchi. – Ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz. O‘sib kelayotgan yangi avlodlar ham bugungi insonlar bilan faxrlanishini istayman. Millat ayirmayman. Men uchun ikki toifa odamlar bor, xolos. Yaxshi yo yomon. Umuman, dunyodagi turli millat egalariga boqib, bir xulosa qilish mumkin: o‘zbeklar baribir boshqacha! Konsertimdagi bosh tematika – millatimizga xoslikdir!”.